Muhokamalarda deputatlar daromadlarni oshirish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiy faoliyatni mumkin qadar qisqartirishga qaratilgan choralar hamda kelgusi yilda ko`zda tutilgan byudjet mablag`laridan foydalanishda samaradorlik va natijadorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi.
Muhokamalarda siyosiy partiyalar fraktsiyalari rahbarlari Davlat dasturi ijrosi hamda 2024 yilgi Byudjetnoma loyihasi yuzasidan fraktsiyalarning munosabatini bildirdi.
Jumladan, O`zMTDP fraktsiyasi rahbari Alisher Qodirov ta'lim-tarbiya sohasiga alohida to`xtalib, bu tizimga ajratilayotgan mablag`lar kutilayotgan natijalarni bermayotganini ta'kidladi:
— Ta'lim-tarbiya tizimiga yo`naltirilayotgan mablag`lar qariyb 3 barobar oshirilgani quvonarli hol. Ammo ushbu ajratilayotgan mablag`lar samaradorligini oshirish lozim.
Kelgusi yilgi Byudjetnomada Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga ajratilayotgan mablag`larning 80 foizi o`qituvchilarning oyligi uchun yo`naltirilyapti. Haqiqatan o`qituvchi yuqori maosh olishi kerak. Chunki ular kelajakni yaratadi. Biz yaqinda pedagoglarning maqomi to`g`risidagi qonunni qabul qildik va unda o`qituvchilarning maqomi, huquqiy himoyasi belgilab berildi.
Soha uchun byudjet mablag`lari kamaymayapti. Ammo yaratilayotgan sharoit kelajakka yangi umidlarni uyg`otmayapti. Ya'ni, ta'limga berilayotgan mablag` kutilayotgan natijalarni bermayapti. O`tgan yili OTMlarga topshirgan abituriyentlarning 50 foizga yaqini hatto 2 bahoga loyiq natijani ko`rsatmadi.
Bugun 500 mingga yaqin o`qituvchi bor. Ularning oyligi uchun 35 trillion so`m mablag` ajratilayapti. Tahlillarga qaraganda, maktablarda 10-15 foiz ortiqcha, ya'ni zarurat bo`lmagan o`qituvchi ishlayapti.
Zamon shunchalar tezlashdiki, bugun o`qituvchi bir necha kun tayyorlanib beradigan biror ma'lumotini o`quvchi internetdan bir pasda olyapti. Shuning uchun pedagog ham zamonga moslashishi, zamonaviy bo`lishi kerak. Taklifimiz ta'limga yo`naltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligi haqida vazirlik jiddiy bosh qotirishi lozim. Pedagoglarning malakasini oshirish bilan birga, zamon talablari asosida ularning ishini to`g`ri baholash tizimini yaratish zarur.
35 trillion pulning ma'lum bir qismini MTTga ham yo`naltirishimiz kerak. Bog`chalarda ham ahvol yaxshi emas. 30-35 ta bolaga 1 ta tarbiyachi to`g`ri kelyapti. Tizimdagi oliy ma'lumotga ega tarbiyachilar bor-yo`g`i 25-30 foizni tashkil qilayapti. Bog`cha tarbiyachilarining oyliklarini ham oshirish lozim. Jahon standartlariga mos ravishda 10-15 ta bolaga bitta tarbiyachini biriktirish haqida o`ylashimiz kerak, — dedi Alisher Qodirov.