20 turdagi musobaqada o`rin olgan sportchilarga stipendiya berish haqida Yoshlar siyosati va sport vazirining buyrug`i tayyorlanyapti.
Unga ko`ra, kelgusida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o`yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo`yicha O`zbekistonning sport terma jamoalari asosiy yoki zaxira tarkibiga kiritilgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi sportchilarga har oylik to`lov shaklida stipendiya tayinlanadi.
Qayd etilishicha, mas'ullar har chorak birinchi oyining 5-sanasiga qadar tegishli mezonlar asosida sport terma jamoalari tarkibidagi sportchilardan stipendiyaga nomzodlar ro`yxatini tuzadi va Stipendiya komissiyasiga taqdim qiladi.
Stipendiyalar stipendiya tayinlash va to`lash to`g`risidagi qaror qabul qilingan oydan boshlab, bir yil muddatga, mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida tayinlanadi.
Shuningdek, stipendiyani tayinlash va to`lash bilan bog`liq xarajatlar, 2023 yil oktyabr' oyidan boshlab, «sportchi» lavozimi uchun belgilangan ish haqi, terma jamoalar va ularning zaxirasi, sportchilar energiya sarfini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash uchun ajratiladigan maqsadli to`lovlarni maqbullashtirish hisobidan qoplanadi.
2024 yildan boshlab esa mazkur xarajatlar Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda Vazirlikning xarajatlari smetasida nazarda tutiladi.
Eslatib o`tamiz, mazkur stipendiya Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida sovrindor bo`lganligi uchun umrbod oylik to`lovlar tayinlangan sportchilar hamda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi va O`zbekiston Milliy paralimpiya qo`mitasi mablag`lari hisobidan stipendiya ko`rinishida har oyda to`lanadigan to`lovlar tayinlangan sportchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.