x

2022 yilning oxiri va 2023 yilning 1-choragiga qadar kamida 65 nafar bolaning o`limiga sabab bo`lgan «Dok-1 Maks ishi»da sudlanuvchilarning advokatlari suddan vafot etgan bolalarning jasadlarini ekspertiza qilish, ya'ni eksgumatsiya o`tkazishni so`radi.

– Jinoyat ishida haqiqatni, ya'ni «Dok-1 Maks» dorisi va bolalar o`limi o`rtasidagi sababiy bog`lanishni aniqlash uchun murdalarni eksgumatsiya qilish hamda sud-kimyo ekspertizasi tayinlashingizni so`rayman. Chunki o`lim sabablarini faqatgina eksgumatsiya qilish orqali sud-med ekspertiza qilish bilan aniqlash mumkin, – deydi hindistonlik sudlanuvchining advokati Davron Ahmadov.

Isltimosnoma bir nechta advokatlar tomonidan qo`llab-quvvatlandi. Davlat ayblovchisi tomonidan esa «maqsadga muvofiq emas» deb topildi. Jabrlanuvchilar suddan eksgumatsiya to`g`risidagi so`rovni qat'iyan rad qilishni so`radi.

Sud tomonlar fikrini eshitib, bunga qadar bir necha marhum bolalarning o`limi sabablarini o`rganish maqsadida ekspertizalar o`tkazilganligini bildirdi. Shuningdek, ushbu tekshiruvlarni o`tkazgan ekspertlardan kerakli savollarga javob olinganidan keyin bu masalaga qaytishini va so`ng iltimosnoma bo`yicha qaror qabul qilishini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, Jinoyat-protsessual kodeksining murdani eksgumatsiya ieilishga doir normalarida sudlarning bu haqda iltimosnoma tushgan paytdan e'tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko`rib chiqishi belgilangan. Unda prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, qonuniy vakil yoki murdasi eksgumatsiya qilinishi lozim bo`lgan vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri, zarur hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan bo`lsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Tomonlar eshitiladi va shundan keyin sud'ya murdani eksgumatsiya qilish to`g`risidagi iltimosnomani ko`rib chiqib, murdani eksgumatsiya qilish to`g`risida yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi.  

To Top ↑
To Top ↑