x

Eronda axloq politsiyasining hijob o`rash talabidan bosh tortgani uchun hibsga olingan 16 yoshli Armita Garavand shifoxonada vafot etdi. Bu haqda mamlakat Sport va yoshlar siyosati vazirligi qoshidagi “Borna” axborot agentligi xabar berdi

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 1 oktyabr' kuni Armita Garavand ismli 16 yoshli qiz Tehron metrosining Shohada stantsiyasida hibsga olingan. U qo`lga olinishidan avval do`stlari bilan metro vagoniga kirmoqchi bo`lgan, biroq vagon ichida noma'lum kuch ta'sirida yiqilib, stantsiyaning tashqi chetiga boshi bilan urilgan. 

Davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan hibsga olish yozuvlarida xavfsizlik kuchlari behush Garavandni poyezddan olib chiqib ketayotgani aks etgan.

“Garavand yiqilgan vaqtida stantsiyaning tashqi chetiga urilib, boshidan jiddiy jarohat oldi. Afsuski, bu uning miya shikastlanishi tashxisi bilan bir muncha vaqt komada yotishiga va bir soat oldin (28 oktyabr' kuni — tahr.) vafot etishiga olib keldi”, deb yozadi “Borna” voqeaning rasmiy versiyasidan iqtibos keltirgan holda.

“Hengaw” inson huquqlari tashkilotiga ko`ra, Armita Garavand hibsga olish paytida axloq politsiyasi xodimlarining jismoniy zo`ravonligi tufayli komaga tushib qolgan. Biroq Eron hukumati buni keskin rad etmoqda.

Mahsa Amini vafoti va namoyishlar

2022 yilning 16 sentyabr' kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto`g`ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so`ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo`ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko`chalarni to`sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o`t qo`ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.

Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro`mol, qo`l va oyoqlarini keng kiyim bilan o`rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.

Qo`lga olinganidan uch kun o`tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko`ra, o`limga “yurak etishmovchiligi” sabab bo`lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo`lmaganini da'vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo`shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o`limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanktsiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o`nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanktsiyalar joriy etishga qaror qildi.

Eronda uning o`limidan so`ng butun mamlakat bo`ylab misli ko`rilmagan norozilik to`lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan.  Ularning ishtirokchilari demokratik o`zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr' o`rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo`lgan.

To Top ↑
To Top ↑