x

2 yil avval Rossiyaning Biysk shahridagi 20-sonli maktabda 1-sinfga kelgan o`quvchilarni qiz va o`g`il bolalarga ajratib o`qitish bo`yicha tajriba boshlangan. Ayni vaqtda bu sinflarning o`quvchilari 2-sinfda ta'lim olishmoqda va o`qituvchilar ushbu tajribaning natijalarini keltirib o`tishga qaror qilishdi.

Natija esa ham o`qituvchilarni, ham ota-onalarni hayratda qoldirdi. Birinchidan, ikkala sinfda ham fanlarni o`zlashtirish darajasi oshgan. Ma'lum qilinishicha, aralash sinflarda “to`rtchilar” va “a'lochilar” o`rtacha 50 foizni tashkil qilsa, alohida sinflarda ancha yuqoriroq bo`lgan: “qizlar” sinfida 89 foiz, “o`g`il bolalar” sinfida 65 foiz.Ikkinchidan, aralash sinflarda darslarda 40 foiz o`quvchilar faol bo`lsa, alohida sinflarda deyarli hamma faol bo`lgan. Ruhshunoslar bu muvaffaqiyatni ta'lim qizlar va o`g`il bolalar uchun tushunarli tilda olib borilishi bilan tushuntirishmoqda: qizlar turli taqinchoqlar, yumshoq o`yinchoqlar, gullarni muhokama qilishsa, o`g`il bolalarga robotlar, sport, mashinalar va boshqa shunday mavzularda suhbatlashish qiziq. 

Bundan tashqari, alohida sinflarda jinslar orasida, ya'ni qizlar va o`g`il bolalar orasida raqiblik yo`q, umumiy sinflarda esa o`g`il bolalar e'tibor jalb qilish uchun qizlarni xafa qilishlari mumkin, biroq qizlar ham ulardan qolishmaydilar. Bu esa ta'limdan chalg`itadi. Bir ruhshunosning e'tibor qaratishicha, qizlar o`g`il bolalardan farqli ishga sekinroq kirishadilar, biroq o`g`il bolalarga nisbatan bu ishdan uzoqroq “soviydilar”. O`g`il bolalarda esa biror mavzu yoki buyumga qiziqish tezroq so`nadi.

Alohida o`qitish bolalarning ijtimoiylashuviga xalaqit qiladi, degan taxminga kelinadigan bo`lsa, mutaxassislar buni “cho`pchak” deb atashmoqda. Chunki ularning ta'kidlashicha, bolalar baribir birga yashashadi, ko`chada, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilishadi va hokazo. Tajribani 8-sinfgacha davom ettirishga qaror qilindi.

To Top ↑
To Top ↑