x

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi maktabda o`quvchi jismoniy tarbiya darsi vaqtida vafot etgani to`g`risida xabar tarqaldi. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 259-maktabda yuz bergan. 

2023 yil 6 oktyabr kuni soat 11:10 larda dars jadvali asosida  6-d sinfida 4-soat jismoniy tarbiya darsida jismoniy tarbiya o`qituvchisi M.K. yillik ish rejasiga asosan «Futbol amaliyoti. To`p bilan harakatlanish» mavzusida dars o`tayotgan bo`lgan.

Ma'lum qilinishicha, shu vaqtda sinf o`quvchisi, 2011 yil 23 martda tug`ilgan M.S. ko`krak qafasiga koptok tegishi natijasida hushini yo`qotgan.

O`quvchi tumandagi 7-sonli klinik shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam ko`rsatilishiga qaramay u vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, M.S.ga yurakning reflektor to`xtashi, o`tkir yurak-qon tomir va nafas etishmovchiligi, bosh miya va o`pka shishi, yurak gipertrofiyasi, yurak tug`ma nuqsoni tashxisi qo`yilgan.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi noxush holat oqibatida hayotdan bevaqt ko`z yumgan o`quvchining ota-onasi va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

To Top ↑
To Top ↑