x

O`zbekistonda 65 nafar bola o`limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo`yicha 2023 yilning 11 avgust kuni boshlangan sud 2023 yilning 6-oktyabr kuni 21 nafar sudlanuvchining tergovini tamomladi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

O`zbekistonliklar 2023 yilning 10 avgustiga qadar Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi sabab mamlakatda 21, nari borsa 22 nafar bolaning o`limi yuz bergani haqidagi ma'lumotga ega edi. O`sha kunga qadar vafot etgan bolalar soniga aniqlik kiritilmagandi. Oliy sud matbuot xizmati 2023 yilning 10 avgust kuni “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog`liq jinoyat ishi yuzasidan ma'lumotlarni ochiqlab, bu dori 65 nafar bolaning o`limiga sababchi bo`lganini bildirdi. Va mazkur ish 2023 yilning 11 avgustidan boshlab Toshkent shahar sudida ko`rib chiqilishini qo`shimcha qildi. 

“Dok-1 Maks” ishida jami 21 nafar sudlanuvchi mavjud bo`lib, dastlab ularning 7 nafariga, 2023 yilning 22-sentyabridan boshlab yana bir nafar, jami 8 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llangan. Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda. 

Sud va OAV vakillari bilan bog`liq jarayon 

Oliy sud “Dok-1 Maks” ishi bilan bog`liq jarayon ochiq sud majlisi tartibida ko`rib chiqilishini e'lon qilgach, barcha OAV vakillarida sud jarayonini jamoatchilikka ko`rsatib borish ishtiyoqi tug`ilgandi. Dastlabki sud majlislarida ayblanuvchilarning advokatlari “Kun.uz” va “Qalampir.uz” nashrini aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaslikda ayblagan bo`lsa, ko`p o`tmay “Gazeta.uz” nashrini jonli efir tashkil qilib, sud jarayonidagi voqealar to`g`ridan to`g`ri jamoatchilik e'tiboriga havola qilinayotganidan shikoyat qildi. Keyinchalik boshqa advokatlar “Daryo” internet nashrini ham suddagi sirlarni jamoatchilikka oshkor qilib qo`yishda ayblab, sud jarayonlarini yoritishga to`siq qo`yilishini iltimos qilgandi. Shuncha to`siqlar va e'tirozlarga qaramay, sud hay'ati jarayonlar ochiq va shaffof tarzda jamoatchilikka etkazilishini ta'minlash maqsadida OAV vakillari faoliyatiga to`siq qo`yuvchi iltimosnomalarni asosan rad etdi. Kamchiliklar bo`yicha esa jurnalistlarga ogohlantirishlar berib, sud jarayonini yoritishda ehtiyotkor bo`lishni, oldindan xulosa qilib qo`ymaslikni so`radi. 

21 nafar ayblanuvchining aksariyati aybini tan olmadi

“Dok-1 Maks” sudining dastlabki majlislaridanoq sudlanuvchilarning aksariyati o`zlariga qo`yilgan ayblovlarni rad etib chiqdi. Eng birinchi so`roq qilingan hindistonlik sudlanuvchi Quramax Medical MChJ direktori S.R.P. suddagi chiqishida aybiga qisman iqrorligini aytib, O`zbekistonga yana bir inspeksion tekshiruvdan o`tmagan dorini 33 ming dollar pora berish evaziga kiritishga uringanini tan olgandi. Garchi keyinchalik u bu gapini rad etgan bo`lsa-da, bu pulning oldi-berdisida asosiy ishtirokchi bo`lgan sudlanuvchi J.E. 33 ming dollar voqeasi bo`lganini tasdiqlagandi.

Mazkur jinoyat ishida asosiy figurantlardan biri sifatida ko`rilgan Farmatsevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K. ham aksariyat hamkasblari singari unga qo`yilgan ayblovlarni rad etdi. Shuningdek, “Dok-1 Maks” siropi dastlab 14 nafar bola o`limiga sababchi bo`lgani oydinlashgach, siropdan sichqonlarga ham berilgani va dorining zaharlilik darajasi shu yo`sinda tekshirilganini ochiqladi.

Odatdagi tekshiruvlar orqali “Dok-1 Maks”dagi zaharli moddani aniqlab bo`lmasligi ko`p marotaba takrorlandi

Navbatdagi sudlarning birida advokatlardan biri Farmatsevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S.K.ga savol bilan yuzlanib, “Dok-1 Maks” siropi qonuniy ro`yxatdan o`tkazilib, laborotoriya tekshiruvlaridan o`tganida, undagi zaharli moddani aniqlash imkoni bormidi, deya savol berdi. Sobiq mansabdor esa bu savolga “Yo`q, baribir shu natija chiqar edi”, deya javob qaytarib, zaharli modda aniqlanmasdan qolishi mumkinligini tan oldi. Va “Laboratoriya sinovi tasdiqlangan normativ hujjatlar asosida o`tkazilishini inobatga olib aytsak, baribir o`sha natija o`sha natija bo`lardi”, — dedi.

Sobiq mansabdorning bu iqrorini ko`plab sudlanuvchilar tasdiqlab, O`zbekistonda o`rnatilgan odatiy dori tekshiruvlar davomida nafaqat “Dok-1 Maks”, boshqa dorilar tarkibidagi zaharli moddalarni ham aniqlash imkoni yo`qligini bildirdi. Bu zaharli moddani bilish uchun qo`shimcha tekshiruv talab qilinishini aytdi. 

Tergov organi ruhiy bosim qilgani, qamatib yuborish bilan tahdid qilgani aytildi

O`tgan ikki oy davomida sudlanuvchilarning aksariyati tergov organiga bergan ko`rsatmalarini rad etdi va tan olmasligini ma'lum qildi. Sabab sifatida tergovchi tomonidan unga ruhiy bosim bo`lganiniqamatib yuborish bilan qo`rqitilganini aytdi. Dastlab so`roq qilingan M.N. ismli ayol suddagi tergovda dastlabki tergovdagi ko`rsatuvlariga to`g`ri kelmaydigan o`sha ko`rsatuvlarini rad etuvchi ma'lumotlarni aytayotganini tergovda unga ruhiy bosim bo`lgani bilan izohladi.

“Bunaqa tergovda birinchi marta ishtirok etishim, qiynoq bo`lib qiynoqmas, do`q urishlar bo`ldi”, dedi. Sud'ya esa “Sizni haqorat qilishdimi? Aniqroq ayting”, dedi. Bunga javob bergan sudlanuvchi “Ayol kishi uchun baqir-chaqirlar ham ruhiy bosim”, — deydi. 

Tergov organi tomonidan bosimlar bo`lganini yana ikki nafar sudlanuvchi tilga oldi va dastlabki tergovda aytgan aksariyat ma'lumotlaridan tonishini qo`shimcha qildi. Sudlanuvchilardan biri hatto oldindan yozib berilgan ko`rsatmaga qo`l qo`ymasa, qamatib yuborish bilan tahdid qilinganini tilga oldi. Sud barcha sudlanuvchilarga agar tergov organi sizga bosim qilgan deb hisoblasangiz, buni tekshirtiramiz, deya bot-bot takrorladi.

Sudda samarqandlik shifokorlarni chaqirish so`raldi

Sud majlisida so`roq qilingan “Dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning sobiq mas'uli S.S. suddagi chiqishida samarqandlik shifokorlarni, mas'ullarni sudga chaqirishni so`radi. U sirop haqida 2022 yilning 15 dekabr' kuni Samarqand viloyatdagi Bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi ma'muriyati tomonidan viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasiga yuborilganini, xatda “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanganlar va vafot etganlar bilan bog`liq holat shifoxona rahbariyati va shifokorlariga ikki oy ilgari ma'lum bo`lganini eslatib, “Ular nega ikki oy davomida bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligiga xabar berishmagan? Habar berishgan bo`lsa, nega vazirlik bu haqda 2022 yilning oktyabr oyida mas'ul tashkilotlarga xabar bermadi? Murojaat bilan chiqmadi? Shu kabi savollarga javob topish uchun sudga Samarqand viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi mas'ullarini ham chaqirtirishni so`rayman”, — dedi.

Mazkur iltimosnomaga javob qaytargan raislik etuvchi sud'ya Samarqand viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`iga nisbatan ham jinoyat ishi qo`zg`atilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanganini ma'lum qildi.

“Daryo” “Dok-1 Maks” sudi bilan bog`liq eng qiziq xabarlarni jamoatchilikka xabar berishda davom etadi.

To Top ↑
To Top ↑