x

O`zbekiston Milliy universiteti prorektori va ayol kishi o`rtasida janjal bo`lgan edi. Ushbu holatdan so`ng prorektor o`z vazifasidan vaqtincha chetlatildi. Bu haqda universitetning matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, ular o`rtasidagi janjal shu yilning sentyabr' oyining birinchi o`n kunligida ro`y bergan. Murojaatchi ayol prorektor qabuliga kirgan. Ona farzandi geologiya fakul'teti 1-kursi kechki bo`limga o`qishga kirganini aytib, talabalar turar joyidan o`rin ajratish va ish bilan ta'minlashni so`ragan. Prorektor murojaatchiga kechki ta'lim shaklida tahsil oladigan talabalar uchun yotoqxona etishmasligi, o`rinlar kunduzgi ta'lim shaklida o`qiydigan talabalarni qamrab olganini bildirgan. 

“Murojaatchi tushunishni xohlamay, u holda qizini ish bilan ta'minlab berasiz, deb talab qo`ygan. Prorektor agar imkoniyat topsak, maktablardan ish gaplashib beramiz, deb kerakli tavsiyalarni bergan. Ayol esa farzandiga universitetdan ish hal qilib berish talabini qo`ygan. Talablari to`liq qanoatlantirilmagan ayol ketar chog`ida universitet rahbariyati va prorektorni o`rinsiz haqoratlab ketgan. Kurakda turmaydigan so`zlar prorektorning nafsoniyatiga tekkan va u ham ayolga nisbatan qo`pol so`zlarni ishlatgan”, deyiladi munosabatda.

Universitet matbuot xizmatiga ko`ra, shu vaziyat murojaatchi tomonidan yozib olingan va “prorektor murojaatchi ayolni haqorat qildi” degan ma'nodagi qismi tarqatilgan. Mazkur vaziyatga prorektor kotibasi, universitet xotin-qizlar qo`mitasi raisi hamda qabuldagi fuqarolar guvoh bo`lgan.

“Universitet prorektori bilan ro`y bergan ushbu holatda adolatli qaror chiqarish yuzasidan tegishli organ tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat to`liq o`rganilib, holatga huquqiy baho berilgunicha hozirda videoda aks etgan prorektor o`z vazifasidan vaqtincha chetlatildi va uning vazifalari universitetning boshqa mas'ul prorektoriga yuklatildi”, deyiladi xabarda.

Tegishli tekshiruvlardan so`ng prorektorga tashkiliy, intizomiy yoki ma'muriy chora ko`rish bo`yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

To Top ↑
To Top ↑