Bolalarning aytishicha, ularni dalaga maktab direktori yuborgan. Direktor va sholi ekkan fermer tug`ishgan aka-ukalar ekanini aniqladi. Rasmiylar esa bunga direktorning aloqasi yo`qligini bildirib, faqat fermerning harakatlariga huquqiy baho berilishini aytmoqda.
Horazm viloyati Qo`shko`pir tumanidagi 19-maktab o`quvchilari sholi o`rimiga olib chiqilgani aks etgan video kelib tushdi. Uni yuborgan fuqaro o`quvchilar maktab direktori tomonidan majburan dalaga olib chiqilganini aytadi.
Ma'lum bo`lishicha, holat Qo`shko`pir tuman prokuraturasi va tuman Kambag`allikni qisqartirish va bandlikka ko`maklashish bo`limi hamkorligida o`rganilgan.
Davlat mehnat huquq inspektorining xulosa qilishicha, maktabning 9 A-sinf o`quvchilari A.Qo`chqarov, B.Shavkatov, A.Otaboyev va B.Otaboyevlar tumandagi “Ibrohim baliqchi” fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan sholi dalasida dars mashg`ulotlaridan so`ng, fermer xo`jalik rahbari K.Hudayberganovning taklifiga asosan, ma'lum bir haq evaziga, dalada o`rilgan sholini to`plash ishlarini bajarishgan.
Maktab direktori tomonidan voyaga etmagan o`quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilingani holati o`z tasdig`ini topmagan. O`quvchilarning yoshini inobatga olmasdan, mehnat qilishga yo`l qo`yib bergan fermer xo`jaligi rahbarining harakatlariga huquqiy baxo berilishi aytilgan.
Qo`shko`pir tumanidagi 19-maktabga Hudoyberganov Anvar Quronboyevich rahbarlik qiladi.
Bolalar mehnatga jalb etilgan “Ibrohim baliqchi” fermer xo`jaligiga esa, korxona va tashkilotlar reestriga ko`ra, Hudayberganov Rustam Quranbayevich rahbarlik qiladi.
Rasmiy munosabatda 4 nafar bola dalaga chiqqani aytiladi. Ammo videoda ular 10 nafarga yaqin bo`lganini ko`rish mumkin.
O`zbekiston konstitutsiyasiga asosan, mamlakatda bolalar mehnatining bolaning sog`lig`iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta'lim olishiga to`sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlangan.
Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodkesning 49-1-moddasiga ko`ra, voyaga etmagan shaxs mehnatidan uning sog`lig`iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo`lgan ishlarda foydalanish – BHMning 20 baravari (6,6 mln so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.