x

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan maktablarda yangi o`quv yili boshlanishidan oldin o`qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi va ular tomonidan maktab ta'miri va boshqa xarajatlarni o`z hisobidan amalga oshirishga to`g`ri kelgani holatlari anonim so`rov asosida o`rganildi.

So`rovnomada butun respublika bo`ylab jami 5 745 nafar maktab o`qituvchi va murabbiylari ishtirok etgan. Respondentlarning 1 878 nafari erkak (32,7 foiz) va 3 867 nafari ayol (67,3 foiz) pedagoglarni tashkil qilgan.

So`rovnomada yozgi ta'til davrida majburiy mehnatga jalb qilingani to`g`risidagi savolga ishtirokchilarning aksariyati (92,3 foizi) ta'til davomida maktab rahbariyati tomonidan ishga chaqirilmaganini ta'kidlagan. Biroq respondentlar orasida ta'til davomida majburiy mehnatga jalb qilinganlari ham bor (7,7 foiz).

Shuningdek, so`rovnomaning yana bir asosiy masalalaridan biri “Yangi o`quv yiliga tayyorgarlik jarayonida o`z shaxsiy mablag`lari hisobidan xarajat qilishiga to`g`ri keldimi?” degan savol bo`ldi. Ushbu savolga respondentlarning 4 987 nafari (86,8 foizi) qo`shimcha xarajat qilishga to`g`ri kelmaganini bildirgan bo`lsa, 10,1 foizi o`z hisobidan 500 ming so`mga yaqin, 3 foizdan ortig`i 1 million so`mdan ko`p mablag`lar ishlatishiga to`g`ri kelganini bildirgan.

Ayniqsa, bu ko`rsatkichlar Toshkent viloyati (48 foiz) va Toshkent shahrida (45 foiz) yuqori darajada. Bu borada alohida suhbatlarda ma'lum qilinishicha, bu kabi xarajatlarni qoplash uchun o`qituvchilarga sinf xonalarini o`z hisobidan jihozlash va bezatish, birinchi sinflarda o`yinchoq o`ynash uchun burchaklar tashkil etish, sinf xonasining pol qismidagi linoleumlarni almashtirish uchun o`z hisobidan 3 million so`mdan ortiq mablag` ishlatishga to`g`ri kelgan.

Shu bilan birgalikda, anonim so`rovnomada o`qituvchilar o`rtasida dars soatlari qanchalik adolatli taqsimlanishi masalasi ham o`rganilgan.

Natijalarga ko`ra, respondentlarning 84,4 foizi ularga maktab ma'muriyati tomonidan darslar adolatli taqsimlanishini bildirgan. Biroq 15,6 foiz respondentlar dars soatlari taqsimoti adolatli bo`lmasligini ma'lum qilgan. Bu bo`yicha e'tiroz, ayniqsa, Toshkent (42 foiz), Navoiy (33 foiz), Jizzax (22 foiz), Samarqand (19 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (31 foiz) yuqori darajada ekani ma'lum bo`ldi.

Shuningdek, so`rovda respondentlarning 78 foizi faoliyatida o`zlariga yuklatilgan rasmiy majburiyatidan tashqari vazifalar yuklatilmasligini bildirgan. Lekin ishtirokchilarning 15 foizi “Tashabbusli byudjet” loyihalariga ovoz yig`ish vazifasi rahbariyat tomonidan yuklatilishini, 7 foizga yaqini mahalliy hokimiyatlar tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarga jalb qilinishini ma'lum qilgan.

“Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorning 6-bandiga binoan, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari doirasida byudjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig`ish bo`yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Bunda majburiy ovoz yig`ishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

To Top ↑
To Top ↑