x

Zarshid Qamarov hamda Azizbek Yusupov maktabning 11-sinfiga o`tishdi. Shunga qaramay ular allaqachon IT yo`nalishida ma'lum qadamlarini tashlab ulgurdi. Hozir ular topayotgan mablag` katta bir oilani bemalol ta'minlay oladi. 

IT – so`nggi yillarda aynan ushbu qisqartma ibora juda ommalashdi. Ya'ni axborot texnologiyalari. Yoshlarning aksariyati “aytishnik” bo`laman, deyapti. Sohaga katta yoshlilar ham qiziqa boshladi. Umuman olganda, ushbu sohaga zamonaviy, kelajagi bor yo`nalish sifatida qaralmoqda.

Aytish mumkinki, “Bir million dasturchi” loyihasi qisqa vaqt ichida axborot texnologiyalariga qiziqishi bo`lgan bir necha yuz minglab yoshlarga ushbu soha bilan shug`ullanish, maxsus kurslarda qatnashish, bir qator imtiyozlar va kasb-hunarli bo`lish imkoniyatini bermoqda.

 

 

Bizning suhbatdoshlarimiz ham aynan shu loyiha va tashabbus ortidan o`zini kashf qilayotgan, kelajagini belgilab olayotgan yoshlardir.

Samarqand shahridagi 9-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi o`quvchilari Zarshid Qamarov hamda Azizbek Yusupov allaqachon IT yo`nalishi bo`yicha ma'lum qadamlarini tashlab ulgurdi.

 

“Men robototexnika hamda radiotexnikaga qiziqaman. Dastlabki amaliy ishimni maktabimizning o`zida qo`llab ko`rdim. Odatda qo`ng`iroq chalish uchun har kuni bir o`qituvchi mas'ul bo`lib, tanaffus va dars vaqtida qo`lda qo`ng`iroq chalib, hammani ogohlantiradi. Men yaratgan “Aqlli qo`ng`iroq” o`qituvchilarimizni aynan mana shu yumushdan qutqardi. Maxsus kod kiritilgan ushbu qurilma kerakli vaqt davomida tanaffus va dars vaqtini bildiruvchi qo`ng`iroq chaladi. Shu uchun ham kimdir band bo`lishiga ehtiyoj qolmadi. Buyurtma asosida Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga ham xuddi shunday “Aqlli qo`ng`iroq” yasab berdim”, – deydi Azizbek Yusupov.

Azizbek ushbu qurilmani yasash uchun uncha katta mablag` ketmasligini aytmoqda. Barcha ta'lim muassasalariga xuddi shunday “Aqlli qo`ng`iroq”larni o`rnatish mumkin.

 

Zarshid Qamarov esa arxitektura va dizayn yo`nalishiga qiziqadi. Hozirgi vaqtda ko`plab xususiy firmalar bilan hamkorlikda ishlamoqda. Bino va ob'ektlar dizayni, maketini yasab berish orqali maktabdanoq qo`shimcha daromad qilish imkoniyatiga ega bo`lmoqda.

Zarshid va Azizbek birgalikda “Aqlli uy” loyihasi ustida ishlayotganini ma'lum qilishdi. Ushbu loyihaning bir qator afzalliklari va o`ziga xosligi bor. Birinchi navbatda, tabiat ne'matlaridan to`g`ri foydalanish, suvni isrof qilmaslik, yomg`ir suvini to`plab, ekinlarni sug`orish, hatto iste'mol qilish ham mumkinligi haqida bosh qotirishmoqda. O`z navbatida o`quvchilar amalga oshirmoqchi bo`lgan loyihada barcha xavfsizlik talablariga e'tibor qaratilmoqda. Begonalar bu uyga kirolmaydi, kimdir kirishga urinsa ogohlantirish beriladi. Shuningdek, ichkarida gaz qoplanib, xavf paydo bo`lsa, uy derazalari avtomat tarzda ochiladi.

Ushbu o`quvchilar bilan suhbatlashib, IT haqiqatan ham zamonaviy va kelajagi bor yo`nalish ekaniga amin bo`ldik. Ular o`quvchilik davridanoq yirik loyihalar, jiddiy rejalar ustida bosh qotirmoqda. Bu dunyoqarashlariga ham ijobiy ta'sir qilyapti. Ularning fikricha, yaqin kelajakda O`zbekiston ham shu soha egalariga nihoyatda ehtiyoj sezadi. Zarurat bo`lsa, uydan chiqmay turib ham butun dunyodan taklif va buyurtmalar olish imkoniyatiga ega bo`lishadi. 

Ming dollar oylik havoyi gap emasligini isbotlagan o`qituvchi

Bu kabi yoshlarni tarbiyalayotgan, ularga zamonaviy bilim berayotgan o`qituvchi bilan ham suhbatlashdik. Shahnoza Ahmatova biz bilan suhbatda hozirgi kunda ming AQSh dollaridan ortiq oylik olayotgan o`qituvchilardan biri ekanini yashirib o`tirmadi.

Shahnoza Ahmatovaning ko`plab shogird-o`quvchilari “Bir million dasturchi” loyihasi ishtirokchisi.

“Mahalliy va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishdan hech qachon qo`rqmaganman. Ko`plab sertifikatlarim bor. “Bir million dasturchi” loyihasi bo`yicha ham sertifikatga ega bo`ldim. Ushbu sertifikat bilan loyiha tinglovchilariga trenerlik qilishim mumkin. Bir qator ustamalarim bor. Yashirmayman, ayni vaqtda ming AQSh dollaridan ortiq oylik olaman. Zarshid va Azizbekka o`xshagan shogirdlarimiz esa shu mehnatlarimizning eng yaxshi mevasi, deb bilaman. Ularning yutug`idan faxrlanaman”, – dedi Ahmatova.

Mazkur maktabda yaratilgan erkin va zamonaviy muhit har yili Zarshid va Azizbekka o`xshagan yigit-qizlarni tarbiyalash imkoniyatini bermoqda. Ular maktabni bitirar-bitirmas oliy o`quv yurtlariga kirib, yaxshi bir kasbga ega bo`lyapti. Aytish mumkinki, “Bir million dasturchi” loyihasi aynan shu maktab misolida ham o`zini oqlamoqda.

To Top ↑
To Top ↑