Avvalroq, poytaxt Toshkentning Sergeli tumanida sodir bo`lgan portlashda 17 yashar bola qurbon bo`lgani haqida xabar bergan edik. BOLALAROLAMI.UZ manbasi bergan ma'lumotlarga ko`ra, u tumandagi 305-maktabning 11-sinf o`quvchisi Abrorxo`ja Abbosxo`jayev bo`lgan.
Bola portlash sodir bo`lgan vaqtda o`z uyida, xonaning derazaga yaqin qismida uxlayotgan bo`lgan. Kuchli zarbdan xona ichiga qulagan rom oynasi bolaning bo`ynini kesib yuborgan. Bola voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari bo`lmagan holda olib kelingan.
Hozirda marhumning uyida portlashdan keyingi chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani uchun uning tobuti xolasining uyidan ko`tarilgani aytilmoqda. Janoza bugun peshin namozidan keyin o`qilgan.
Eslatib o`tamiz, Sergelidagi hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug`uruqxonasiga yotqizilgan.
Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo`lganligi uchun ambulator tibbiy yordami ko`rsatilib, uyiga javob berilgan.