Mahalliy yangiliklar
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning to`ng`ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva, Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov, Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Obid Abdurahmonov Namanganga borib, shifoxonalarga joylashtirilgan bolalar va ularning ota-onalari holidan xabar oldi.
Mirziyoevaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma'lum qilishicha, Prezident Administratsiyasi vakillari Namanganga davlat rahbarining topshirig`i asosida etib borgan.
“Vaziyatni ko`zimiz bilan ko`rish uchun shifoxonaga bordik, bolajonlar holidan xabar oldik. Ularning kayfiyati yaxshi, hammalari asta-sekin tuzalishmoqda, ko`pchiligi sog`aygani uchun uyiga – oilasi bag`riga qaytarilgan.
Biz bolalarning ota-onalari bilan ham suhbatlashdik, ularning tashvishiga sherik ekanimizni bildirdik”, deydi Prezident yordamchisi.
Prezident Administratsiyasi vakillari bog`cha tarbiyalanuvchilari bilan sodir bo`lgan holat yuzasidan sog`liqni saqlash, SES, ta'lim, prokuratura va boshqa tegishli soha mutasaddilari bilan yig`ilish o`tkazib, vaziyatni va tekshiruvning borishini muhokama qilgan.
“Hozirda o`rganish ishlari davom etmoqda, jarayon nazoratga olingan, natijasi haqida qo`shimcha ravishda xabar qilinadi.
Bugungi kunda mazkur holat bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, ish Namangan viloyat prokuraturasidan Bosh prokuraturaga o`tkazildi”, deydi Mirziyoeva.