x

18 sentyabr' kuni Yevropa Ittifoqining O`zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian qarorgohida xayriya kimoshdi savdosi bo`lib o`tdi. Pol'sha va Ukraina elchixonalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda diplomatlar, ishbilarmonlar hamda moliya sektori vakillari qatnashdi.

O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatlar taqdim etgan tasviriy san'at asarlari, xalq amaliy san'ati namunalari hamda qimmatbaho suvenirlar auktsionga qo`yildi.

O`ndan ziyod lotda o`ynalgan buyumlarni Ukrainaga xayrixoh zamondoshlar sotib oldi.

«YeI va uning global ittifoqchilari Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash uchun qo`ldan kelgan barcha choralarni ko`rmoqda. Albatta, ushbu urushga har bir davlat o`z nigohi orqali qarashini tushunamiz. Ammo oddiy haqiqat shuki, bosqinchi va jabrdiyda davlatni aslo chalkashtirib yubormaslik kerak», – dedi YeI elchisi Sh.Adrian marosimdagi chiqishida.

Lotlar xorijiy diplomatlar tomonidan taqdim etilgan.

Diplomatga ko`ra, kimoshdi savdosida yig`ilgan mablag` United24 – Ukrainani qo`llab-quvvatlash bo`yicha global jamg`armaga yuboriladi. Ushbu mablag` Rossiya bosqinida jabr ko`rgan oilalar va bolalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida sarflanadi.

Ukrainaning yurtimizdagi elchisi Mikola Doroshenko xayriya kechasi tashkilotchilari va qatnashchilariga minnatdorlik bildirdi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 18 avgust kuni Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafar bola O`zbekistonga olib kelindi.

Har'kov, Herson, Nikolayev, Zaporoj'e, Sumi, Hmel'nitskiy, L'vov va Kiyevdan kelgan bolalar 12 kun davomida Anor tog` oromgohida dam oldi.

Shuningdek, joriy yil avgust oyida O`zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari va biznes tuzilmalari Ukrainaga 10,5 tonna gumanitar yordam jo`natdi.

O`tgan yilning aprelida ham O`zbekistondan Ukrainaga dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat 34 tonnadan ortiq gumanitar yordam yo`llangan.

To Top ↑
To Top ↑