x

Toshkent viloyati Angren shahridagi 10-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotidagi bolalar ovqatdan zaharlangani ortidan muassasa vaqtincha yopildi.

Kecha 13−14 sentyabr' kunlari 10-sonli bog`chadan 14 nafar va boshqa ikkita bog`chadan yana 4 nafar bola diareya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi.

Sanepidqo`mita matbuot xizmati xabariga ko`ra, 13 sentyabr' kuni tushdan boshlab ertasi kuni kechqurunga qadar 10-bog`chada tarbiyalanayotgan bolalar ko`ngil aynishi, qayt qilish, tana haroratning ko`tarilishi, tez-tez ich ketishi kabi shikoyatlar bilan shahar shifoxonasiga murojaat qilgan.

Bolalardan 24 nafari ovqatdan zaharlanish yoki oshqozon faoliyatining funktsional buzilishi birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan, 7 nafariga birlamchi tibbiy yordam ko`rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.

Sanepidqo`mita xodimlari laborator tekshiruvlar uchun yuqumli kasalliklar bo`limiga murojaat qilgan bemorlardan hamda DMTT omborxonasida saqlanayotgan oziq-ovqat maxsulotlaridan namunalar oldi, deyiladi xabarda.

Bog`chaning 240 nafar tarbiyalanuvchisi shifokorlar tomonidan to`liq tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, nazoratga olindi. Voqea ortidan bog`chaning ish faoliyati vaqtinchalik to`xtatildi.

Kecha Toshkent viloyati Angren shahridagi 3 ta Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining jami 18 nafar tarbiyalanuvchisi diareya bilan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi. Unga ko`ra, joriy yilning 13-14 sentyabr' kunlari Toshkent viloyati Angren shahridagi 1-sonli DMTTdan 3 nafar, 10-sonli DMTTdan 14 nafar hamda 37-sonli DMTTdan bir nafar tarbiyalanuvchi birlamchi ich buzilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani ma'lum qilingan.

To Top ↑
To Top ↑