x

Mahalliy yangiliklar

Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda u 14-sentabr kuni Facebook dagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bolalar huquqlari bo‘yicha vakil sifatidagi faoliyatimni to‘xtatayotganimni ma’lum qilaman”, — deb yozgan u.

Aliya Yunusova bola huquq va manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratayotgani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan.

“Bolalar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning xalqaro standartlarga javob beradigan kuchli tizimini shakllantirishda biz bilan hamkorlik qilgan, qo‘llab-quvvatlagan, hissa qo‘shgan, ishongan va ishlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, — deya qo‘shimcha qilgan Aliya Yunusova.

Aliya Yunusova yuridik fanlar nomzodi, 20 yildan ortiq vaqt davomida bolalar huquqlari bilan shug‘ullanadi. 1999-yildan buyon u Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning ta’lim bo‘limi mudiri bo‘lib, u yerda bolalar huquqlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, bolalar huquqlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimida 2020-yildan beri ishlab kelayotgandi.

Dilshodbek Ro`zimurodov

To Top ↑
To Top ↑