Mahalliy yangiliklar
Hukumat qarori (437-son, 02.09.2023 y.) bilan “Ibratli oila” ko`krak nishonini berish tartibi belgilandi
Qarorga ko`ra, ushbu ko`krak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo`shgan namunali oilalar taqdirlanadi.
Shunga muvofiq:
Har yili 1 martgacha Hotin-qizlar faollari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tomonidan ko`krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar shakllantiriladi.
Takliflar tuman (shahar) kambag`allikni qisqartirish va bandlik bo`limlariga taqdim etiladi.
Har yili 15 martgacha nomzod oilalar har tomonlama o`rganilib, 15 aprelgacha eng munosiblari bo`yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
Nomzod oilalar tanlanayotganda, jumladan, quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:
oilada va jamoat joylarida kutubxonalar tashkil etgan;
oila a'zolari ilmli, ziyoli bo`lgan, shuningdek, ilmiy darajaga ega bo`lgan;
ota-onasi qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka, homiylikka olgan;
oilaviy sport bilan shug`ullanib, respublika va xalqaro darajadagi yutuqlarga erishgan;
oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yib, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo`shayotgan.
Ko`krak nishoni bilan mukofotlangan oilalar 15 may – Halqaro oilalar kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi.
Taqdirlangan ibratli oilalarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti beriladi.
Ko`krak nishoni bilan taqdirlangan oilalar yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga “Ibratli oila” belgisi o`rnatiladi.
Bir oila ko`krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
Eslatib o`tamiz, mazkur ko`krak nishoni Prezidentning 2022 yil 7 martdagi farmoni bilan ta'sis etilgan.