Qrimda 8-sinf o`quvchisi energetik ichimlik ichganidan keyin yuragi to`xtab qoldi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 19 avgust kuni Nijnegorsk posyolkasida 14 yoshli o`smir energetik ichimlik iste'mol qilganidan so`ng o`zini yomon his qila boshlagan. Shundan keyin u shifoxonaga yotqizilgan va u erda komaga tushib qolgan. Shifokorlar unga noma'lum modda bilan zaharlanish tashxisini qo`ygan. O`sha kuni kechga yaqin u hushiga kelgan.
Manbaga ko`ra, 21 avgust kuni bolaning ahvoli yaxshilana boshlagan va jonlantirish bo`limidan palataga ko`chirilgan. Bemor shifokorlarga bosh og`rig`i va zaiflikdan shikoyat qilgan. Tekshiruv natijalari bolaning oshqozon osti bezi va jigarida salbiy o`zgarishlar borligi hamda u jiddiy oqibatlarga olib kelayotganini, qalqonsimon gormonlar darajasi oshib ketayotganini ko`rsatgan.
Bola shifoxonada taxminan bir hafta davomida shifokorlar ko`rigida bo`lgan. 28 avgust kuni yuragi xuruj qilib qolgan va bir vaqtning o`zida hushini yo`qotgan. Shifokorlar 8-sinf o`quvchisini jonlantirish bo`limiga olib borishga qaror qilgan, biroq ko`p o`tmay bolaning joni uzilgan.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi