2022 yilda Rossiya Ukrainadan 700 mingdan ortiq bolani olib ketgani aytildi. Bu haqda Rossiyaning bolalar huquqlari bo`yicha komissari Mariya L'vova-Belovaning faoliyati to`g`risidagi yillik hisobotida ma'lum qilindi.
Uning so`zlariga ko`ra, bosqin boshlanganidan beri Rossiya Federatsiyasi Ukrainaning 4,8 million aholisini, jumladan, 700 mingdan ortiq bolalarini “qabul qilgan”. Voyaga etmaganlarning aksariyati Rossiyaga ota-onasi yoki yaqinlari bilan kelgani aytiladi. Shuningdek, 1,5 mingga yaqin etim yoki ota-ona qaramog`isiz qolgan bolalar ham Rossiyaga jo`natilgan.
O`tgan yil davomida (tan olinmagan) "DHR" va "LHR" dan 760 nafar bola Rossiyada homiylik ostidagi oilalarga joylashtirilgan. Bundan tashqari, Rossiya hukumati Herson viloyatidagi “Alyoshka” bolalar uyining 52 nafar bolasini anneksiya qilingan Qrimga deportatsiya qilgan.
Ukraina bir necha bor Rossiyani ukrainalik bolalarni o`g`irlash va noqonuniy deportatsiya qilishda ayblagan. “Urush bolalari” loyihasiga ko`ra, Ukrainada voyaga etmaganlarni majburan deportatsiya qilish bo`yicha 19,5 ming holat qayd etilgan.