Buxoro viloyati Qorako`l tumanida 28 yoshli ayol 4 kunlik chaqalog`ini ko`chaga tashlab ketdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 8 avgust kuni soat 01:30 larda Qorako`l tumani markazida tungi xizmatga jalb etilgan viloyat IIB xodimlari o`ziga biriktirilgan hududdagi tuman Markaziy kasalxona binosining orqa tomonidan yashil rangli qopga solingan o`g`il bola jinsiga mansub, taxminan 3-5 kunlik sog`lom chaqaloqni topib olgan.
Shu paytning o`zida chaqaloq IIO xodimlari tomonidan tuman Tibbiyot birlashmasi Bolalar bo`limiga yotqizilib, birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan va soha mutaxassislari nazoratiga olingan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu chaqaloq 2023 yilning 4 avgust kuni Qorako`l tumani “Mirob” mahallasida yashovchi 28 yoshli B.Z. ismli ayol tomonidan o`z xonadonida hech qanday tibbiyot xodimlarisiz dunyoga keltirilgani va oradan 3 kun o`tgach, yuqorida aytib o`tilgan manzilga tashlab ketilgani aniqlangan.
Hozirda holat hamda uni keltirib chiqargan sabab va omillarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo`lib, uning yakuni bo`yicha qo`shimcha ma'lumot beriladi.