Qayd etilishicha, 26 yoshli D.Sh. (ayol) egizak homiladorlikning og`ir asoratli kechishi tufayli poytaxtimizdagi 6-sonli tug`uruq kompleksiga joriy yilning 4-11 aprel', 29 may-5 iyun' va 13-17 iyun' kunlari, uch marotaba yotqizilgan va homilaning surunkali tushish xavfi bilan davolangan.
Ayolda homilani saqlash bo`yicha olib borilgan statsionar va ambulator muolajalarga qaramay, 22 iyun' kuni to`rtinchi marotaba tez tibbiy yordam xizmati avtomashinasi orqali ushbu tug`uruq muassasasiga shoshilinch ravishda olib kelingan.
Unga 1-homiladorlik, egizak, erta tug`uruqning boshlanishi, homila ichki infektsiyasi va kam suvlik tashxislari qo`yilgan. 22 iyun' kuni soat 21:45 da ayolda erta tug`uruq kuzatilgan. Asoratli tug`uruq belgilari bilan og`ir darajadagi chalalik, chuqur asfiksiya, sust yurak urishi bilan 660 gramm og`irlik, 33 santimetr uzunlikdagi qiz jinsli chaqaloq tug`ilgan. Biroq shifokorlar tomonidan o`z vaqtida olib borilgan yurak-o`pka reanimatsiyasi muolajalari samara bermagan.
Ikkinchi qiz jinsli o`lik chaqaloq 15 daqiqadan so`ng asoratli tug`uruq belgilari bilan og`ir darajadagi chalalik, o`lik homilaning bachadonda ko`ndalang joylashuvi, 560 gramm og`irlik, 31 santimetr uzunlik ko`rsatkichlari bilan tug`ilgan. Shundan so`ng, yo`ldosh gistologiya tekshiruviga yuborilgan.
Shuningdek, D.Sh.ning qarindoshlari tomonidan yozma ravishda imzolangan tilxatda tibbiyot xodimlariga e'tirozi yo`qligi va patanatomik tekshiruvga qarshiligi to`g`risidagi qat'iy talabi tufayli o`ta kam vaznli (660,0 va 560,0 gr) chaqaloqlarni ushbu tekshiruvdan o`tkazish imkoni bo`lmagan. Ayol 2023 yil 23 iyun' kuni qoniqarli ahvolda shifoxonadan chiqarilgan.