Toshkentda IIO xodimlari bolalarga «oq bilan qorani ajrata olish» haqida gapirib, ma'ruza o`qigan bog`cha mudirasi va uslubchisiga intizomiy chora qo`llanildi. Maktabgacha ta'lim agentligiga ko`ra, bolalar bilan mashg`ulotlar maydonchada o`tkazilmay, guruhda tashkil etilgani noto`g`ri bo`lgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari kichik yoshdagi bolalarga «oq bilan qorani ajrata olish» haqida ma'ruza qilgan Toshkentdagi maktabgacha ta'lim tashkiloti uslubchisi va mudirasi intizomiy jazoga tortildi.
Maktabgacha ta'lim agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Farruh Boboyev aslida bolalar bilan mashg`ulotlar maxsus maydonchada o`tkazilishi belgilanganini ta'kidladi. Ammo uchrashuv noto`g`ri tashkil etilib, guruhda o`tkazilgan.
«Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yoz oylarida maktabga tayyorlov guruhlarimizdagi 6 yoshli bolajonlarimizga yo`l harakati qoidalarini o`rgatish, harbiylar bilan uchrashish, ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida yozgi sog`lomlashtirish dasturlari yo`lga qo`yilgan. Aynan har bitta bog`chada yo`l harakati qoidalarini o`rgatuvchi maydonchalar mavjud. [Videodagi] uchrashuv aynan o`sha maydonchada emas, balki guruhda o`tkazilgan. Uchrashuv noto`g`ri tashkil etilgani uchun tegishli mutasaddilar (agentlik axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma'lum qilishicha, bog`cha mudirasi va uslubchisi)ga nisbatan intizomiy choralar qo`llanildi», — dedi Farruh Boboyev.
Eslatib o`tamiz, 23 iyul', yakshanba kuni internetda poytaxtdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida birida ichki ishlar organlari xodimlari 3−4 yoshli bolalar bilan «tarbiyaviy soat» o`tkazayotgani aks etgan video paydo bo`ldi. Unda xodimlardan biri yaxshi inson bo`lish, ota-onani hurmat qilish, keyin afsuslanmaslik uchun «aytganini qilish», «oq bilan qorani ajrata olish» haqida gapiradi. Video, kutilganidek, jamoatchilik noroziligiga sabab bo`ldi.
Maktabgacha ta'lim agentligi o`z izohida maktabgacha ta'lim tashkilotlari bolalar bilan suhbat o`tkazish uchun turli soha vakillarini taklif qilishlari mumkinligini, ammo bunday tadbirlar o`yinlar, bayramlar, eksperimentlar, tomoshalar, kitob o`qish va ekskursiyalar shaklida o`tkazilishi kerakligini ma'lum qildi.
Toshkent maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi axborot xizmatining bayonot berishicha, holat 18 iyul' kuni Uchtepa tumanidagi bog`chalarning birida kuzatilgan. Bog`cha mudirasining taklifiga asosan, tuman IIO FMB 2-sonli IIB «Farhod» mahallasiga xizmat ko`rsatuvchi 40-sonli TP profilaktika katta inspektorlari kapitan F.T. va leytenant A.A. ushbu bog`chaga kelgan (bu qism rasmiy munosabatda mavjud edi, ammo boshqarma xabarni o`chirib, uni kanalga qayta joylaganda tushirib qoldirilgan).
Eslatib o`tamiz, ushbu masalaga prezident Shavkat Mirziyoev ham to`xtalib: «Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog`chalarga borib, 3−4 yoshli bolakaylarga „oq-qorani farqlash“ bo`yicha ma'ruza o`qish bilan band», — degan edi Farg`onadagi yig`ilishda.