Qoraqalpog`istonning Qorao`zak tumanida ayol Qozog`istonda ishlayotgan eriga jahl qilib, bolalarini muntazam qiynab kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 19 iyul' kuni Qorao`zak tumani, “Qutli makon” MFYda yashovchi fuqaro P.J. Qozog`istonda ishlab yurgan turmush o`rtog`i K.S. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida, voyaga etmagan farzandi T.J.ga tazyiq o`tkazib, uni haqorat qilgani tasvirlangan videoni turmush o`rtog`i K.S.ga Telegram orqali yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan kecha, 27 iyul' kuni tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro P.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga etmagan shaxsni muttasil ravishda do`pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu oilada tarbiyalanayotgan uch nafar voyaga etmaganlarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan ularning holidan xabar olinib, Maktabgacha va maktab ta'limi hamda Ichki ishlar organlarining psixolog xizmati xodimlari jalb qilingan.
Hozirda voyaga etmaganlar Qozog`istondan qaytib kelgan otasi K.S.ning qaramog`iga topshirilgan. Jinoyat ishi tergovi Qoraqalpog`iston prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.