Oliy sud Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay'ati kassatsiya instantsiyasining 2023 yil 28 iyuldagi ajrimiga muvofiq nashid eshitib, uch yilga qamalgan Jahongir Ulug`murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash)ni qo`llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Bugun, 28 iyul' kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay'ati kassatsiya instantsiyasida Jahongir Ulug`murodov (2002 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan)ga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo`yicha Oqqo`rg`on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instantsiyasining 2023 yil 17 iyuldagi ajrimi ustidan advokat Abdumalik Abdullayev tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati ko`rib chiqildi.
Sud majlisida qayd etilishicha, quyi sudlar Jahongir Ulug`murodovga oid jinoyat ishi tafsilotlarini to`g`ri aniqlab, uning aybliligi haqida asosli xulosaga kelgan.
Ulug`murodovning sud hukmida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikdagi aybi dastlabki tergov va birinchi instantsiya sudida guvohlarning birinchi instantsiya sudi majlisida, mutaxassislarning apellyatsiya instantsiyasida bergan ko`rsatmalari, bildirgi, bayonnomalar, fotojadvallar, tushuntirish xatlari, sudga oid dinshunoslik va adabiyotshunoslik ekspertizalarining xulosalari hamda ish bo`yicha to`plangan boshqa ishonchli va maqbul dalillar yig`indisi bilan o`z isbotini topgan.
Birinchi instantsiya sudi Jahongir Ulug`murodovning jinoiy harakatlarini Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan to`g`ri kvalifikatsiya qilib, unga nisbatan jazo tayinlashda yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o`qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini jazoni engillashtiruvchi holatlar sifatida asoslagan bo`lsa-da, ish holatlariga, uning sodir etgan jinoiy qilmishi, o`zining shaxsi va sodir etilgan ijtimoiy qilmishga nisbatan keyingi munosabatlariga etarlicha e'tibor qaratmasdan, Jahongir Ulug`murodovni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin emas, deb ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq jazo tayinlagan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 509-9-moddasi (kassatsiya instantsiyasi sudining vakolatlari)da kassatsiya instantsiyasi sudi jinoyat ishini ko`rib chiqishda birinchi instantsiya sudining hukmini va apellyatsiya instantsiyasi ajrimini o`zgartirish to`g`risida ajrim qabul qilishga haqli ekanligi belgilab qo`yilgan.
Shu sababli kassatsiya sudlov hay'ati, ish bo`yicha Jahongir Ulug`murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o`zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o`qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e'tiborga oldi.
Ulug`murodovning 2023 yil 24 fevraldan 2023 yil 28 iyulga qadar qamoqda saqlangan 5 oy 4 kun Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, o`tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.
Jahongir Ulug`murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo`yicha o`tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi.
Ulug`murodovga Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi (ozodlikni cheklash) 5, 6-qismlari talablari tushuntirilib, darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.
Advokat Abdumalik Abdullayevning himoyasi ostidagi Ulug`murodovni oqlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.