Tataristonning “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasidagi Alabuga politexnika kollejining voyaga etmagan o`quvchilari Shahed dronlarini yig`ishga majburlanmoqda. Bu haqda “Protocol” nashri va RZVRT YouTube kanalining qo`shma tekshiruvida aytiladi.
Nashr suhbatdoshlariga ko`ra, Alabuga politexnika universitetining 1000 ga yaqin talabasidan bir necha yuz nafari Eron kamikadze-dronlarini yig`ish bilan shug`ullanadi. Manbalarda aytilishicha, gap maktabning 9-sinfidan keyin kollejga o`qishga kirgan 15 yoshdan 17 yoshgacha bo`lgan o`smirlar haqida ketmoqda.
Qayd etilishicha, o`smirlar bu ishdan bosh tortgan taqdirda jarima va haydash bilan tahdid qilingan. Tekshiruv mualliflariga ko`ra, barcha mumkin bo`lgan kuchlar dronlarni yig`ish loyihasiga yo`naltirilmoqda va buning uchun boshqa loyihalar to`xtatilyapti.
“Dronlarni yig`ish uchun talabalar oyiga 30-40 ming rubl' oladi va ko`pincha ular dam olish hamda ovqatlanish uchun tanaffuslarsiz ishlashlari kerak”, deb yozgan “Protocol”.
Bundan tashqari, talabalar ishlab chiqarish to`g`risidagi ma'lumotlarni oshkor qila olmaydi, bu o`quv shartnomasida ko`rsatilgan.
“Talabalar qoidabuzarligi uchun kollejga 1,5-2 million rubl' miqdorida jarima to`lashi mumkin”, deb yozgan surishtiruv mualliflari.
Keltirilishicha, kollejda kuzatuv kameralaridan tashqari telefon suhbatlarini tinglash tizimlari ham o`rnatilgan.
"Hamma qo`rqadi. Buni umuman aytmasligim kerak. Rahbariyat bizni bu borada juda qo`rqitmoqda", deydi o`quvchilardan biri.
Bundan tashqari, o`quvchining ota-onasi kollejga kirayotganda o`g`li yoki qizi o`qishdan chiqarib yuborilsa, 420 ming rublgacha pul to`lash majburiyatini olgan hujjatga imzo chekadi.
Alabuga politexnika kolleji 2021 yilda “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasida tashkil etilgan. Uning bosh direktori – Tatariston Davlat kengashi deputati Timur Shagivaleev.