Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko`ra, umumta'lim maktablari uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan “New Education ” tarif rejasi ishlab chiqiladi. Tarif bo`yicha internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o`quvchilar soni 400 nafardan ko`p bo`lganlarda — kamida 100 Mbit/s bo`ladi.
O`zbekiston maktablari uchun yuqori internet tezligiga ega tarif rejalari joriy etiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Umumta'lim maktablarini zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta'minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Unga ko`ra, Raqamli texnologiyalari vazirligi 2024 yil 1 yanvarga qadar umumta'lim maktablari uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan yangi tarif rejasini ishlab chiqishi ko`zda tutilgan.
Bunda, ta'lim muassasalarida 400 nafargacha o`quvchisi bo`lgan umumiy o`rta ta'lim muassasalarida internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o`quvchilar soni 400 nafardan ko`p bo`lganlarda — kamida 100 Mbit/s bo`ladi.
“New Education” tarif rejasining har bir tezlikdagi paketi uchun har oylik abonent to`lovi miqdorlarini belgilash va bunda ta'lim tashkilotlari tomonidan internet xizmatlaridan tungi vaqtda foydalanilmasligi inobatga olinadi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumta'lim maktablarini yuqori tezlikdagi internetga ulash hamda yil davomida uzluksiz ishlashi uchun zarur mablag`larni o`z vaqtida mahalliy budjetdan moliyalashtirib borishi ko`zda tutulgan.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 dekabrga qadar xalqaro tajribalarni o`rgangan holda ta'lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish maqsadida STYeM fanlaridan elektron ta'lim kontentlari va virtual laboratoriya ishlarini yaratish choralarini ko`rish topshirildi.