Ukrainaning Rossiya tomonidan annektsiya qilingan hududlaridan bolalar ta'til paytida Belarusdagi sog`lomlashtirish lagerlariga jo`natiladi. Biroq ularning hammasi ham ortga qaytmaydi. Bu haqda Belarusning muxolifatdagi Inqirozga qarshi xalq ma'muriyati rahbari Pavel Latushko "Dojd'" telekanaliga bergan interv'yusida aytib o`tdi.
“So`nggi ma'lumotlar Ukrainaning bosib olingan hududiga qaytmagan etim bolalarga tegishli. Ular g`oyib bo`ldi. Endi biz ularning qayerdaligi haqida ma'lumot bera olmaymiz”, deydi Latushko.
Muxolifatdagi siyosatchiga ko`ra, huquq himoyachilari Belarusga olib ketilgan ukrainalik bolalarni yuzlaridan aniqlaydi. Bugungi kungacha ular 16 nafar ukrainalik etim bolalar haqida ma'lumot to`plagan.
“Ammo bu hali boshlanishi. Afsuski, ular ikki yuz nafarga etishi mumkin”, deydi Latushko.
Ukrain bolalarining Belarus' oromgohlariga jo`natilishi
Annektsiya qilingan hududlarning Rossiya tomonidan tayinlangan hokimiyatlari mehribonlik uylaridagi etim bolalarni reabilitatsiya qilish uchun Belarusga olib ketilayotganini da'vo qilmoqda.
Iyun' oyida Rossiya va Belarus' ittifoq davlati kotibi Dmitriy Mezensev tan olinmagan Donetsk va Luganskdan 2000 dan ortiq bolalar ota-onalari yoki vasiylarining roziligi bilan Minsk viloyatidagi sanatoriyga dam olishga ketganini aytgan edi.