Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on tumanida yashovchi 27 yoshli ayol Rossiyada ishlayotgan eri bilan janjallashishi oqibatida ikki nafar voyaga etmagan qizini kaltakladi. Shundan so`ng u holatni videoga olib, eriga jo`natgan.
“Mana sizning farzandlaringiz, boqolmaysizmi? Men ham boqolmayman! Unda bitta-bitta o`ldiraman, o`lgani yaxshi”, degan ayol ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda.
Videoda aks etishicha, ayol qizlarini dastavval tayoq bilan ayovsiz kaltaklagan.
“Sizga ular kerak emasmi? Tug`dirishni bilasiz, odamlarning ko`ziga yaxshi ko`rinishni bilasiz. Buyoqda esa o`zingiznikilar xor bo`ladi. Achchiq gapirishni bilaiz, otang boqsin, akang boqsin deysiz. Nima ular uchun tug`dirdingizmi, ular uchun katta qildiryapsizmi? Sizga bola kerak emas”, degan ayol qizlarini kaltaklashda davom etib.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat joriy yil 14 iyul' kuni tumanning Samarqand viloyatining “Balandravot” mahallasiga qarashli Tuynak qishlog`ida sodir bo`lgan.
“Ayni damda Rossiya Federatsiyasida bo`lgan turmush o`rtog`i bilan telefon orqali muloqotda yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli 1996 yilda tug`ilgan Z.Sh. ikki nafar voyaga etmagan farzandlarini urib, holatni tasvirga olib turmush o`rtog`iga yuborgan.Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, degan viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Jahongir Sa'dullayev.
Qo`shimcha qilinishicha, hozirda bolalarning ahvoli yaxshi. Ular onasidan olinib, qarindoshlari qaramog`iga berilgan. Holat mutasaddilar nazoratiga olingan.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi