Isroilda shifokorlar velosiped haydab ketayotganda mashina urib yuborgan bolaning boshini qayta tikishga muvaffaq bo`ldi. Bu haqda “Fox news” xabar berdi.
Aytilishicha, 12 yoshli falastinlik bola velosipedda ketayotganida uni mashina urib yuborgan. Halokat oqibatida bolaning bosh suyagi umurtqa pog`onasining yuqori qismidan ajralib ketgan. Bola zudlik bilan Hadassa tibbiyot markaziga olib borilgan va darhol jarrohlik amaliyotini o`tkazish uchun travmatologiya bo`limiga yotqizilgan.
Operatsiyaga rahbarlik qilgan ortoped mutaxassisi doktor Oad Eynavning aytishicha, protsedura bir necha soat davom etgan.
“Bola bosh suyagi yuqori umurtqasidan ajralib ketishi oqibatida ichki dekapitatsiya deb ataladigan hodisa bilan olib kelindi. Bilim va operatsiya xonasidagi eng innovatsion texnologiyalar orqali bolani qutqarib oldik”, deydi u.
Shifokorlar jamoasining aytishicha, bolaning omon qolish darajasi atigi 50 foizni tashkil qilgan.
"Hozirda bolada nevrologik nuqson, sezish yoki harakatlanishda buzilish yo`q. Tanasi normal ishlayapti. U boshqalarning yordamisiz yuryapti. Bu kamyob hodisa, bu oddiy jarrohlik amaliyoti emas, ayniqsa, bolalar va o`smirlar uchun. Buning uchun jarrohga bilim va tajriba kerak”, deydi shifokorlarga rahbarlik qilgan Oad Eynav.
Mazkur operatsiya iyun oyida bo`lib o`tgan. Ammo shifokorlar natijalarni e'lon qilish uchun bir oy kutgan.Isroilning TPS axborot agentligiga ko`ra, bolaning otasi farzandining sog`ayish jarayonida tunu-kun uning yonida bo`lgan.
"Hammaga rahmat. Uni qutqargan narsa bu professionallik, texnologiya va shifokorlar tomonidan tez qaror qabul qilish bo`ldi", deydi bolaning otasi.
Tibbiyot professori va Nyu-York tibbiyot markazining umumiy amaliy shifokori doktor Mark Sigel nima uchun operatsiya bunchalik muvaffaqiyatli bo`lganini tushuntirgan.
"Jarohat oqibatida bosh umurtqa pog`onasidan ajralganiga qaramay, asosiy qon tomirlari butunligicha qolgan va miyani qon bilan ta'minlashda davom etgan. Shuning uchun ham uni davolay oldik”, deydi u.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi