Mudofaa vazirligi tarkibida davlat muassasasi shaklida Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha tegishli qaror (https://lex.uz/pdfs/6492233) prezident tomonidan imzolandi.
Qabul va o‘quv jarayoni 2023/2024-o‘quv yilidan boshlanadi. O‘quv jarayoni davomiyligi ikki yil bo‘lib, yillik qabul kvotasi 150 nafarni tashkil etadi.
Litseyning asosiy vazifalari:
▪️o‘quvchilarda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlariga, madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari insoniy fazilatlarni, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish;
▪️xalqimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning qoldirgan bebaho merosi, Vatan ozodligi va farovonligi yo‘lida o‘zini qurbon qilgan zamondosh vatandoshlarimizning qahramonligi asosida O‘zbekiston xalqiga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozisiyasiga ega bo‘lgan o‘quvchilarni tarbiyalash;
▪️o‘quvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy hamda tahliliy fikrlashni rivojlantirish, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha mustahkam bilimlarni shakllantirish, shuningdek, ularga harbiy ishdagi boshlang‘ich bilimlarni singdirish;
▪️notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlash.
Shunindek, litsey o‘rta maxsus ta’lim muassasasi hisoblanib, Urganch shahrida joylashadi. Unga o‘quv-metodik jihatdan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘maklashadi.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi