Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda noma'lum shaxs shifokor ayolni tasvirga olgan holda uning o`z vaqtida tibbiy yordam ko`rsatmagani tufayli turmush o`rtog`ining homilasi nobud bo`lganini da'vo qilgani tasvirlagan videolar tarqali. Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, videotasvirlarda Kasbi tumanida yashovchi 2004 yilda tug`ilgan H.Z. haqida so`z yuritilgan. Ayol Kasbi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 9-oilaviy poliklinikada 2022 yil 20 dekabr' kuni homiladorlik hisobiga (homiladorlikning 14-haftasida) olingan.
“Homilador va tuqqan ayollar individual kartasida qayd etilishicha, unda klinik va laboratoriya tekshiruvlari o`tkazilgan. Umumiy qon tahlili bo`yicha gemoglabin 88 g/l, kamqonlik o`rta og`ir darajasi, surunkali piyelonefrit bilan og`rigan. Ushbu kasalliklar bo`yicha faqat uyida davolangan. Homiladorlik vaqtida skrining tekshiruvidan o`tishdan ayolning o`zi bosh tortgan”, deyiladi boshqarma izohida.
Aytilishicha, homilador ayol H.Z. Kasbi tumani markaziy shifoxonasi tug`uruq bo`limiga 2023 yil 7 iyun' kuni soat 07:30 da murojaat qilgan. Fuqaro H.Z. navbatchi vrach akusher-ginekolog Inobat Shomaliyeva tomonidan tekshirilgan.
“Homiladorlikning 39-haftasida tug`uruq darakchisi, surunkali kamqonlik og`ir darajasi, surunkali piyelonefrit tashxisi bilan bo`limga qabul qilingan. Klinik laboratoriya tekshiruvlaridan o`tkazilgan. UTT xulosasi bo`yicha: homiladorlik – 39 hafta, homila yo`ldoshini vaqtidan oldin markazdan ko`chishi va homilaning ona qornida nobud bo`lishi, retroplasentar gematoma tashxisi qo`yilgan va kerakli muolajalar standart asosida qilingan. Vaziyatni hisobga olib homilador ayol qarindoshlarning talabi bilan tez tibbiy yordam mashinasida shifokor Inobat Shomaliyeva kuzatuvida 7 iyun' kuni soat 16:10 da viloyat perinatal markaziga keltirilgan. Bu erda bemorda zudlik bilan kesar kesish operatsiyasi o`tkazilgan va o`lik chaqaloq olingan”, deyiladi boshqarma bayonotida.
Bundan tashqari, munosabatda aytilishicha, bemorga amaliyotdan so`ng davo muolajalari davom ettirilmoqda. Shu jumladan, bemor va uning yaqinlari shifokorlarning xatti-harakatlaridan norozi bo`lishsa, huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishlari mumkin ekanligi aytilgan.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi