x

Kaminayu kamtarin –
Falonchiyev Falonchi.
Men bir o‘zim rostgo‘yman,
Kolgan hamma yolg‘onchi.

Yoshimni so‘rasangiz,
Yuz oylik chaqaloqman.
Qotmadan kelgan daroz,
Pakana baqaloqman.

Hush ko‘rganim muzkaymoq,
Hammomga tushib yeyman,
Ustiga murchdan sepib,
Sho‘r bodring ko‘shib yeyman.

Dimlab yesang – soz uzum,
Xom yemakka sholg‘omdir.
Teskarisin aytsalar,
Ishonmanglar yolg‘ondir.

Yana bir suyganim – ov,
Amakim bilan birga
Har yakshanba chiqamiz
Balik oviga qirga.

QushtiGʻli miltiq bilan
Sazanlarni otamiz.
Tunab qolsak, laylakning
Uyasida yotamiz.

Derlar: o‘g‘lon yoshidan,
Menga hakikat doya.
Umrimni bir boshidan
Qilay sizga hikoya.

Kelishim bo‘lganda shart
Men kamina olamga
Onamning vaqti bo‘lmay
Yalinibdi xolamga.

Xolam buvimga aytib,
Buvim yangamga aytib,
Yangam ammamga aytib,
Ammam hammaga aytib,

Hammaning vaqti bo‘lmay,
O‘rtada chiqib janjal,
Omadim kelmasa sal
Qolar edim tug‘ilmay.

Otam sho‘rlik ayrilib
Cho‘ntakdagi boridan,
Meni sotib olibdi
Chorshanba bozoridan.

Xola, holingiz qalay?
Alam qilsin, ammavoy!
Tug‘masangiz, tug‘ilmay
Qolarmidi Jumavoy?

Bilib qo‘ysin elu-yurt,
Men dunyoga kelgan kun.
O‘ttiz birinchi fevral,
Soat ikki kechqurun.

Beshikda yotganimda
Bir voqea yuz bergan.
Aytib beray,
Jumavoy
Rost aytishga so‘z bergan.

So‘rg‘ichim surib yotsam,
Eshikni ochib to‘g‘ri
Men yotgan uyga kirdi
Qora, barzangi o‘g‘ri.

Taxlangan ko‘rpalarni
Bir-bir olib tashladi.
Bisot sandiqni ochib,
Shoshmay tita boshladi.

Sho‘rlikning xabari yo‘q
Qarab turgan kishidan.
Men kuzatib turibman
Govrapesh tirqishidan.

Qulay fursat kelishin
Mo‘ljallayman uzoqdan.
Asta-sekin qo‘limni
Bo‘shataman qo‘lbog‘dan.

Sandiqni titib bo‘lib
Kelgach beshik qoshiga.
Sumak bilan tushirdim
O‘g‘rining qoq boshiga.

Barzangi gurs yiqildi,
So‘ng turib qochib qoldi.
Shoshganidan eshik ham,
Sandiq ham ochiq qoldi.

– Ey. nomard,– deb
qichqirdim, –
Qochsang urib shataloq,
Eshikni yopib ket-da,
Shamollaydi chaqaloq...

Bu birinchi hikoyam,
Qurboningiz bo‘layin.
Sizni bir bor aldasam,
Til tortmasdan o‘layin.

So‘zga bering e’tibor,
"Bir bor" dedim, "ming bor"mas.
Meni aqli butunlar
Yolg‘onchiga chiqarmas.

Ichim to‘la hikoya,
Qirqtasini aytaman.
Dam olinglar, hozircha
So‘zimni to‘xtataman.

Erkin Vohidov

To Top ↑
To Top ↑