Alla bolam, alla,
Gulu lolam, alla.
Ovunchog‘im, alla,
Talpinchog‘im, alla.
Alla, alla, armonim, alla,
Qizil gulim, xirmonim, alla.
Alla qilsin shu jonim, alla,
Jonginamga darmonim, alla.
Alla, alla, gavhar hizim, alla,
Ovunchog‘im, oy-yulduzim, alla.
Men sening onang mushtipar, alla,
Sensan mening ikki ko‘zim, alla.
Shu o‘g‘lim bir qizil guldir, alla,
Gulga qo‘ngan bulbuldir, alla.
Qizil gulim so‘lmasin, alla,
Shuginaginam o‘lmasin, alla.
Bog‘imning guli uchgina, alla,
Uchalasi ham kichkina, alla.
Kichkinasan, lolasan, alla,
Qachon katta bo‘lasan, alla.
Alla deyman – boqaman, alla,
Chakkangga gul taqaman, alla.
Baliq bo‘lib sho‘ng‘isang, alla,
Daryo bo‘lib oqaman, alla.
Alla desam, yarashsin, alla,
Bo‘yingga gul o‘rashsin, alla.
Atlasdan to‘nlar tiksam, alla,
Chin bo‘yiga yarashsin, alla.
Ey yoronlar, hech kimning, alla,
Bog‘da guli so‘lmasin, alla.
Bog‘da guli so‘lsa, so‘lsin, alla,
Hargiz bolasi o‘lmasin, alla.
********************
Jonimning jindalagi, alla,
Qovunning handalagi, alla,
Gullar ichida g‘unchasi, alla,
Nonlar ichida kulchasi, alla.
O‘rgilayin o‘zingdan, alla,
Shamchiroqdek ko‘zingdan, alla,
Obi-novvot tomchilar, alla,
Buvi degan so‘zingdan, alla,
Oyni olib beraymi, alla,
Kunni olib beraymi, alla,
Belanchaging boshiga, alla,
Sara gullar teraymi, alla,
Alla deyin, o‘payin, alla,
Qiyosingni topayin, alla,
Tiling chiqib “non” desang, alla,
Kunda kulcha yopayin, alla.
Qizil gul novdasidan, alla,
Kamar qilay belingga, alla,
Sochlarim tolasidan, alla,
Bog‘ich qilay to‘ningga, alla.
Olma bersam, olaqolsin, alla,
Behi bersam eyaqolsin, alla,
Do‘mbog‘imga alla aytsam, alla,
Tezroq uxlab qolaqolsin, alla,
Hozir dadang keladi, alla,
Oyni olib keladi, alla,
Do‘mboqlarimga deb-o, alla,
Qo‘yniga solib keladi, alla.
Alla, alla, oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla,
Qizil gulning butog‘i, alla,
Onang shuning adog‘i, alla.
******************
Ushbu alla beshik to‘yida beshikni olib kirayotgan ayollar tomonidan aytiladigan qo‘shiqdir. Uning ijro xususiyatlari bayramona marosim kayfiyatiga mos bo‘lib, odatda tantanavor doira usuli jo‘rligida kuylanadi. Bu allani bolani uxlatish jarayonida yakkaxonlik uslubida aytiladigan qo‘shiqdan farqlash kerak. Bolani uxlatish uchun aytiladigan alla beshik yoki belanchakning tebranish sur’atiga mos ravishda ijro etiladi. Uning matni, asosan, to‘rtlik, ijro uslubi erkin, badihago‘y. Alla onaning bolaga bo‘lgan mehr-muhabbati, umid va orzulari, yaxshi niyat-tilaklarini anglatish bilan birga ruhiy kechinmalarini ham ifodalaydi. Shu bois ba’zi alla namunalari yig‘i ohanglariga yaqin bo‘ladi.
Ayrim taxminlarga ko‘ra, alla nomi «Alloh» so‘zidan kelib chiqib, Yaratgandan chaqaloqni o‘z panohida asrashni iltijo qilishga nisbat bilan bog‘liq. Xullas, alla shunday bir qo‘shiqki, uni hech zamonda hech bir shoir yozolmagan. Baxshilar to‘qib chiqarolmagan. Sozandalar o‘z mulki sifatida o‘zlashtirolmagan. Bu – jon bilan birga, qon bilan birga inson botiniga singigan qo‘shiq. Uni har bir yurak o‘zicha kuylaydi. Bu qo‘shiq er yuzidagi onalar qancha bo‘lsa, ro‘yi zaminda ayol zoti qanchalar yoyilgan bo‘lsa, u shunchalar sochilib ketgan. Bu qo‘shiq ayoli bor har bir xonadonda xuddi bahorgi daraxt yanglig‘ gullaydi. ha, ishoning, har bir dilning tubida yashiringan toza qo‘shiq gullaydi. Ohangi o‘zi bilan uning. Bu qo‘shiq Alloh tomonidan munis va mukarram volidalarning joni-taniga singdirilgankim, Yaratganga iltijoli nidolardan so‘ng dunyoni titratadigan eng go‘zal va eng toza mohiyat shu qo‘shiqda mujassam.
Ko‘zimning qarosi Sen,
Elimning sarosi Sen,
Jonim bolam, uxla,
Imonim, bolam, uxla…
Polvonim, botirim,
Shonim bolam, uxla!
qarog‘imsan, ko‘zimsan,
So‘zim bolam, uxla.
Uyimdagi bug‘doyim,
Tuzim bolam, uxla…
Xudoyimdan aylanay —
Murodimga etkizdi,
alla-yo, alla.
Hilol oy qanotida
Seni menga tutqizdi,
alla-yo, alla!
Onam aytgan allalar
Yurakkinam tubida,
alla-yo, alla.
Mehrim qo‘shib so‘zimga
Senga aytaman alla,
alla-yo, alla.
Alla – farzand tarbiyasi uchun bitilgan shoh asar.
Bolalarimizning ruhiyatiga, ko‘ngliga imonni, qanday niyatlarni solsak, ularning kamoloti shunga qarab bo‘y ko‘rsatadi. har bir xonadonning o‘ziga yarasha tarbiya yo‘rig‘i bor… Farzand kelajagi uchun eng muhimi, u tug‘ilgan kezlaridanoq qay yo‘sinda tarbiya bermoqlikdadir. Sut bilan kirgan narsa, jon bilan chiqadi, deyishadi. Alla, avvalo, go‘dakning borlig‘iga ma’naviy ozuqa sifatida singadi. Mana, gap qaerda. Ma’naviy yorug‘likdan bahramand bo‘lishning ilk daf’asi, bosh bo‘g‘ini alla bilan bog‘liq. Alla eshitmay tarbiya topish, ulg‘ayish tafakkurni ajoyib tamoyillarga chog‘lantirishda kemtiklikni yuzaga keltiradi.
Keling, hammamizga tanish manzarani ko‘z oldimizga keltiraylik… Beshik. Beshikda go‘dak. Ayol beshikni tebratib alla aytayapti. Bunday go‘zal va bunday chiroyli holatni topish qiyin. Onaning qo‘shig‘idan butkul charxu dun chayqalib aylanayotganday… Ayniqsa, bu ko‘rinish xalqimizning yana bir o‘ziga xos tomoniga muxtasar va ta’sirli izohdir.
Farzand uchun o‘z onasidan mehribon zot yo‘q. Demak, uning allasidan, uning ohangidan-da yoqimli kuy-ko‘shiq bo‘lishi mumkin emas.