O`zligim yo`qotdim, qoldim o`zgarib,
Soddalik o`rnini egallab yolg`on.
Bo`g`zimdan chiqmadi bir so`zi g`arib,
Sog`inib kelganda ul do`sti nolon.
U bilan ko`chalar changitgan bola,
Endi sipolikni bo`yniga ilgan.
“Nahot esingda yo`q keng yaylov, dala...”
Dedi: “Do`stingman-ku, birga ulg`aygan”.
Yurakka ko`milgan beg`ubor izni,
Yashirib turganda mansabning toshi.
“Esingdami, dedi, do`stim bir qizni,
Sen mendan rashk qilib, yorganding qoshim”.
“Nahot kaftlaringda ketmonning izi,
Ko`zlaringdan esa ketgan nur, quvonch.
Qani o`sha bola — cho`rtkesar so`zi,
Yelkasin egmagan o`ziga ishonch.
Nahot, unutdingmi bizning qishloqni,
Shaharning pinjiga kirib tobora?
O`sha adirlarni, soyni, toshloqni
Nahot sog`inmading, yur, ketdik, jo`ra!”
“Esingga tushsin, deb keltirdim archa,
Honangga qo`y uni, taratar xush bo`y.
Seni sog`inganmiz jo`ralar, barcha,
Ketdik, uylanyapman, boshlab qo`ydik to`y”.
Eslayman deyman-u, qoshni chimirib,
Yoshligim yashirib qo`yib ichimga.
Hotira varag`in yirtib, ko`chirib,
Yolg`onlarga otib, shoshdim ishimga.
U ketdi, o`zimning shevamda so`kib:
“He o`sha, mansabing, molingga qo`ydim...”
Mehr ko`chatiga ko`z yoshim to`kib,
Tonggacha vijdonning o`tida kuydim.
Shaharlik bo`laman, debman, o`zimcha,
Shim kiygan tannozlar ortidan chopib.
Esimga tushmoqda yig`loqi qizcha,
Ho`rsindim, rasmini uyimdan topib.
Hayol tentiraydi tungi shaharda,
Boysunga ketmoqda do`stim musht tugib.
Tog`larning havosin sipqorgan qirda,
Nurli xotiralar yurgandir kutib.
Derazadan boqib shahar yo`liga
Tonggacha yig`ladim, bolalik qayda?
Boysuntog` archasin tutib qo`limga,
Kuyuk dil islari taralgan uyda.
Dilshod Shukur