Bir qizaloqning otasi u dunyoga kelmasdan oldin dunyoni tark etadi. Qizning tili "aya" deb chiqadi. Ko`chadagi bolalar sumkani to`ldirib kelayotgan otasining yoniga chopib borib, "dada" deb erkalanganda uning xam "dada" degisi kelar, lekin kimning yoniga chopishini bilmasdi.
Mushfiq ona ota yo`qligini bildirmaslikka urinib, qiziga xam onalik, xam otalik qildi. O`gay ota baribir o`gayligiga boradi, deb qizini o`ylab, turmushga chiqmadi. Ona-bola doim birga. Ona qizidan oldin uyqudan uyg`onib nonushta tayyorlar: ikkita piyola, ikkita likob, ikkita qoshiq dasturxon ustiga qo`yar va nonushta tayyor bo`lganda qizni oxista uyg`otar, qiz esa erkalanib, onasining bo`yniga osilardi.
– Asalim, nonushta tayyor, dasturxonga marxamat.
– Ho`p bo`ladi, oyijon.
Qizaloq yuz-qo`lini yuvib kelib onasining qarshisiga emas, yoniga o`tiradi. U esini tanigandan beri shu xolat xar kuni takrorlanadi.
Bir kuni nima bo`ldi-yu qiz onasidan oldinroq uyg`onadi. Qarasa, onasi xamon uyquda. Yetti yashar qizcha onani suyuntirishni istab, o`zi nonushta tayyorlashga tushdi. Odatdagidek dasturxonga ikkita piyola, ikkita likob, ikki-ta qoshiq qo`yib, onasini uyg`otgani yotoqxonaga kirdi. Qush uyasida ko`rganini qiladi deganlaridek, onasini oxista uyg`ota boshladi.
– Nonushta tayyor, dasturxonga marxamat.
Onasi uyg`onmadi.
– Oyi, nonushta tayyor, dasturxonga marxamat. Ona xamon uyquda. Qiz esa xafsala bilan erinmay:
– Asalim, nonushta tayyor.. - deb takrorlardi. Ona qimirlamay osuda uxlar, bola esa yig`lamsirab:
– Oyijon, turing, men o`zim choy damlab qo`ydim. Oyijon, iltimos, uyg`oning, – deb yalinishga o`tdi.
So`ngra zorlanib yig`lashga tushdi. Seldek ko`z yoshlar ona yuzini yuva boshladi.
– Oyijon, ko`zingizni oching. Yalinaman, menga bir qarang. Agar sizni xafa qilgan bo`lsam, kechiring. Endi erkalanmayman, yomonlik qilmayman, xamma aytganingizni so`zsiz bajaraman.
Qiz jajji qo`li bilan onasining nurli yuzini siypalab, uning teppasida uzoq o`tirdi. Ona esa ko`zini yumgancha jim yotardi. Qiz yon qo`shnisini chaqirib chiqdi. Katta yoshli juvon yosh qo`shnisining joni uzilganini payqab, qizni bag`riga bosdi. U qizga nima deyishni, qanday tushintirishni bilmasdan unsiz yig`lay boshladi. "Onang o`ldi, endi uyg`onmaydi, mexri- boning mangu uyquga ketibdi", degani tili bormadi.
Ertasiga maxalla erkaklari ayolni tobutga solib xovlidan olib chiqib ketishdi. Begona erkaklarning onasi yotgan uyga kirayotganini ko`rgan qiz avvaliga xayron bo`ldi. "U uyda onam bor, kirmanglar!" – deb ularning yo`lini to`sdi. Kimdir "sabr qil, qizim", desa, kimdir "bechora etimcha", dedi.
Shundan beri qizni xech kim nonushtaga uyg`otmay qo`ygan. Shundan beri qiz "oyijon" deyishni qumsagani qumsagan...