Til
Tanishaylik, ismim - til!
Men hammaga kerakman.
Ogohlantirib qo`yay
Avvaldan besuyakman!
Meni yo`lga solib ol,
Ishlat bo`lib ehtiyot.
Hech qo`ymagin erkimga,
Shunda go`zaldir hayot!
Yaxshiliklar boshiman,
Yomonliklar o`chog`i.
Shirin so`zlar qudug`in
Menda turar qopqog`i.
Doim shirin so`z bo`lgin,
Ishlat meni, foydalan!
Yoqimli so`zlaringdan
Mehrga to`lsin olam!
Qaysar bulut
Ertalabdan mashmasha:
Osmon o`ydi qovog`in.
Tabiat qosh chimirib,
Tund qildi dimog`ini.
Bir bulutcha kechasi
Harxasha qilgan balki.
Endi ota-onasi,
Beryapti unga dakki.
Chaqmoq chaqdi, guldurak,
Bulutcha xo`p o`kindi.
Ko`z yoshlari zaminga
Yomg`ir bo`lib to`kildi.
Nihoyat Quyosh bobo
Eshitibdi shovqinni.
Bulutchani ovutdi,
Harxasha zumda tindi...
Abdulaziz Ahmedov