x

Farzand tug‘ilganida (ba’zan esa tug‘ilishidan avval) unga ism tanlanadi. Bu jarayonda hech qanday huquqiy holat yo‘q bo‘lib ko‘rinsa-da, qonunchilikda bu bo‘yicha normalar belgilangan. Unga ko‘ra, bolaga ism ota-onaning kelishuviga asosida, ota ismi otasining ismiga ko‘ra beriladi.

Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda bo‘lganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga ko‘ra, bolaga ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin.

Ota-ona o‘rtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Bola 16 yoshga to‘lguncha ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan, 16 yoshga to‘lgach o‘z arizasiga binoan ismini, unga berilgan familiyani FHDYO organi orqali o‘zgartirishga haqli.

Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga o‘z familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga ko‘ra bo‘yin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.

Agar bola o‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan va unga nisbatan otalik belgilanmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.

10 yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

To Top ↑
To Top ↑