Hotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida qonun (O`RQ–829-son, 11.04.2023 yil) Prezident tomonidan imzolandi
Jinoyat kodeksiga quyidagi o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi:
Voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish voyaga etmagan shaxs ishtirokida qo`shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish jinoyatlari jinoyatga tayyorganlik yoki suiqasd bosqichida to`xtatilganda, mazkur jinoyatlar uchun jazo tayinlashda engillik berilmaydi.
Quyidagi jinoyatlarni sodir etganlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo`llanilmaydi:
▫️18 yoshga to`lmagan jabrlanuvchi nomusiga tegish va uni jinsiy aloqaga majbur etish bilan bog`liq jinoyatlar;
▫️16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;
▫️voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;
▫️voyaga etmagan shaxs ishtirokida qo`shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish bilan bog`liq jinoyatlar.
Ayolni homilasini sun'iy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanashi belgilandi.
Ilgari BHMning 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.
Nomusga tegish (118-modda) va jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish (119-modda) jinoyatlari uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Ilgari 3 yildan 7 yilgacha edi.
Shuningdek, mazkur jinoyatlar nogironligi bo`lgan shaxslarga, sobiq xotiniga, bir ro`zg`or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan ta'lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og`irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.