x

Endi O`zbekistonda nogironligi bo`lgan bolalarga murojaat qilinganligidan qat'iy nazar nafaqa tayinlanadi. Bu bo`yicha kecha, 23 mart kuni Hukumat qarori bilan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida nizom” tasdiqlandi.

Nizom bilan quyidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqalarni tayinlash tartiblari belgilandi:

nogironligi bo`lgan 18 yoshgacha bolalarga;

  • o`zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo`lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo`lgan qonuniy vakilga;
  • davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo`lmagan I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga;
  • davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo`lmagan vafot etgan shaxsning qaramog`idagi oilaning mehnatga layoqatsiz a'zolariga;
  • davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo`lmagan keksa yoshdagi shaxslar hamda bolalikdan nogironligi bo`lgan farzandi bor onalarga.

Shunga ko`ra, quyidagi nafaqalar tayinlanadi:

  • nogironligi bo`lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
  • parvarishlash nafaqasi;
  • nogironlik nafaqasi;
  • boquvchisini yo`qotganlik nafaqasi;
  • yoshga doir nafaqa.

Nogironligi bo`lgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa hamda parvarishlash nafaqasi Pensiya jamg`armasi tomonidan “proaktiv shakl”da tayinlanadi.

Nogironlik, boquvchisini yo`qotganlik va yoshga doir nafaqalar tayinlanishi uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilinadi.

Davlat xizmatlari markazi ma'lumot olingandan so`ng 5 daqiqa ichida nafaqa tayinlangan taqdirda, nafaqani qachon va qayerdan olish to`g`risida murojaat qiluvchini xabardor qiladi.

Nafaqalar nafaqa oluvchining xohishiga ko`ra nafaqani etkazib berish (topshirish) vakolati yuklangan tashkilot yoki fuqarolarning depozit hisobvaraqlariga pul o`tkazish yo`li bilan bank filiali orqali to`lanadi.

Nafaqalar har oyda belgilangan muddatlarda, biroq joriy to`lov oyidan kechikmay to`lanadi.

Nafaqa oluvchi O`zbekiston hududida doimiy yashash uchun boshqa tuman (shahar)ga ko`chganda, nafaqani to`lash yangi yashash joyi bo`yicha davom ettiriladi. Bunday holatda nafaqa to`lash avvalgi yashash joyi bo`yicha nafaqa to`lash to`xtatilgan vaqtdan boshlab davom ettiriladi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑