O`zbekistonda 3 oydan ortiq muddatga ota-onasi xorijiy davlatga ketayotgan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash joriy etiladi.
Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboyeva AOKAda o`tkazilgan brifingda ma'lum qildi. Shuningdek, Sevara O`rinboyeva xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi mazmun-mohiyati yuzasidan ma'lumot berdi.
Ta'kidlanishicha, qonun loyihasiga asosan, voyaga etmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar amnistiyaga tushmaydi, ta'lim va tibbiyot muassasalarida ishlashi taqiqlanadi, birovning shaxsiy foto-video va yozishmalarini tarqatish bilan shantaj qilish uchun jinoiy javobgarlik bo`lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Hotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasiga ko`ra, 18 yoshga to`lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, unga nisbatan zo`rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish, voyaga etmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Hususan, ularga nisbatan:
jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog`i bilan almashtirish qo`llanilmaydi;
ayolni homilasini sun'iy tushirishga majburlash, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish uchun jazo og`irlashtirilmoqda;
shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma'lumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so`zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni ko`rsatuvchi harakatlar qilish uchun ma'muriy javobgarlik belgilanmoqda;
shaxsning hayoti va sog`lig`i, erkinligi, sha'ni va qadr qimmatiga, O`zbekiston Respublikasiga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga etmaganlarga xizmat ko`rsatiladigan ta'lim va sog`liqni saqlash muassasalarida ishlashi taqiqlanmoqda.
Shu bilan birga, 18 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan ayrim jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni engilrog`i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo`llanilmasligi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasining muhim jihatlaridan biri, Ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar toifasi aniqlashtirilib, ularning huquqlari kafolatlari va davlat himoyasi kuchaytirilmoqda;
3 oydan ortiq muddatga ota-onasi xorijiy davlatga ketayotgan bolalarga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlanishi joriy etilmoqda
Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksda voyaga etmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy ta'minlashdan bo`yin tovlash bilan bog`liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan “haq to`lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish” tarzidagi yangi jazo turi joriy etilmoqda;
Aliment bo`yicha majburiyatlarga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar O`zbekiston Respublikasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborilmasligi belgilanmoqda
Mazkur loyihada AQSh, Buyuk Brintaniya, Kanada, Germaniya, Belgiya, Portugaliya, Singapur kabi ilg`or xorijiy davlatlar tajribasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo`ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oila institutini mustahkamlash, ma'naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga qaratilgan bir qator yangi takliflar ilgari surilmoqda.