Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 752-sonli Qonun imzolandi.
Kiritilgan o‘zgarishga muvofiq endi nogironlik pensiyalari Chernobil AESdagi avariya oqibatida III guruh nogironi bo‘lgan shaxslarga ham to‘lanadi. Avvalgi tartibga ko‘ra, faqat I va II guruh nogironlariga to‘lanishi belgilangan edi.
Shuningdek, avval oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari (bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar) yoshi 16 yoshgacha etib belgilangan edi. Endi ushbu norma 18 yoshgacha uzaytirildi.
Bundan tashqari, o‘quvchilar va talabalar o‘qishi davomida, 23 yoshgacha boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olishi mumkinligi belgilandi. Amaldagi tartibga ko‘ra ular 18 yoshgacha ushbu nafaqani olishlari mumkin edi.
Kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil etib belgilandi. Ilgari jami 3 yildan ko‘p bo‘lmagan davr kiritilgan edi.