x

Qonunchilikka ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi. Bunda birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli bog‘cha ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati har o‘quv yilining 25-sentyabr kuniga qadar tasdiqlanadi. Ro‘yxatga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta’minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi. To‘lovdan ozod qilingan bolalarning bog‘chaga qatnashi to‘xtatilishi natijasida bo‘shab qolgan o‘rinlar mazkur zaxiradan to‘ldirib boriladi.

Shuningdek, quyidagi kasalliklar mavjud bolalar uchun bog‘cha puli to‘lanmaydi:

– Nutqidagi og‘ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish).
– Eshitishdagi og‘ir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik).
– Ko‘rishdagi og‘ir nuqsonlar (ko‘zi ojizlar, bir ko‘zi soqqasi yo‘qligi (anoftalьm), ambliopiya va g‘ilay bo‘lgan zaif ko‘radiganlar).
– Tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqa, bo‘g‘imlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqaning idiapatik deformatsiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a’zosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar tserebral falaji; meningoentsefalitga chalingandan keyin hamda tug‘ruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish a’zolarining barcha patologiyalari (gemiparez, paraparez, monoparez va shu turdagi plegiyalar); poliradikulonevritlar va ularning asoratlari).
– Psixik rivojlanishda orqada qolish (aqliy orqada qolish (aqliy faoliyatining orqada qolishi va aqliy zaiflikning engil darajasi).
– Murakkab nuqsonlar (rivojlanishda ikki va undan ortiq nuqsonlar mavjudligi).
– Sil kasalligining ilk ko‘rinishi (sil kasalligi bilan kasallangan bemor bilan bir oiladan (xo‘jalikdan) bo‘lib aloqada bo‘lganlar, tubviraj), shuningdek sil kasalligidan keyingi tiklash davri.

Bunday bolalarni ozod qilish tegishli tibbiyot muassasasining ma’lumotnomasiga asosan amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident tomonidan ehtiyojmand yolg‘iz ayollar farzandlari uchun davlat bog‘chalarining to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilishi aytilgan edi.

To Top ↑
To Top ↑