x

Respublikamizda ayrim toifadagi bolalar boshqalar bilan bir darajada ta'lim olish imkoniyatiga ega emas. Shu sabab imkoniyati cheklangan bolalar uchun alohida ixtisoslashtirilgan muassasalar tashkil etilgan.Ushbu ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ta’lim-tarbiya berish, korrektsiyalash va davolash-sog‘lomlashtirish muassasalari hisoblanadi hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalashda, ularning jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuvida ko‘maklashish, shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga farzandlarini tarbiyalash va ularga ta’lim berishda yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladi.

Ushbu maktablarni tashkil etish tegishli hududda oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar o‘rtasida tegishli kasalliklarning ko‘payganligini ko‘rsatadigan sog‘liqni saqlash organlarining rasmiy statistika ma’lumotlari bilan asoslanishi kerak. Ya'ni biror hududda so'nggi besh yil ichida 3-16 yoshdagi bolalar o'rtasida biror kasallik darajasi ortib ketsa, shu hududda ushbu kasallikni davolash-profilaktikasi bilan shug'ullanuvchi o'quv muassasi barpo etiladi.

Qonunchilikka ko'ra, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar soni 250 nafardan oshmasligi kerak. Ushbu ta’lim muassasalariga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda, tayyorlov guruhlariga 6 yoshdan qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining quyidagi turlari mavjud:

— kar (eshitmaydigan) bolalar uchun maktab-internatlar;
— zaif eshitadigan va keyinchalik kar bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar (1, 2-bo‘lim);
— ko‘zi ojiz (ko‘r) bolalar uchun maktab-internatlar;
— zaif ko‘radigan va keyinchalik ko‘r bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
— nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
— tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
— psixik rivojlanishi sust bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
— aqli zaif bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlar.

Shuningdek, quyidagi toifaga mansub bolalar yuqorida keltirilgan ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalariga qabul qilinishi mumkin emas:

— aqli o‘ta zaif bolalar (imbitsil, idiotiya darajasidagi oligofreniya);
— xulq-atvorida og‘ir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
— tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsata olmaydigan bolalar;
— ko‘r-kar-soqov bolalar;
— tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik dementsiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanog‘i tez-tez takrorlanadigan) bolalar;
— markaziy asab tizimiga shikast etganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

To Top ↑
To Top ↑