Ayni vaqtda homiladorman. Ammo ishlashga ehtiyojim bor. Ish so`rab borgan bir necha tashkilotim menga rad javobini berishyapti. Bu holatga qanday qonuniy baho berish mumkin?
Bashorat Aliyeva, Andijon
— Aynan bu sabab bilan ish berishni rad etish mumkin emas. O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 224-moddasida homilador ayollarni va bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar belgilab berilgan. Unga ko`ra, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga to`lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma'lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.