Bola o`ta injiq, asabiy yoki indamas, o`qishni xohlamaydi… Ko`pincha bunday vaziyatda farzandimga jiddiy tarbiya berib qo`ymasam bo`lmaydi, deb o`ylaymiz. Ammo aslida tarbiyani o`zimizdan boshlash kerak ekanligini anglayvermaymiz.
Har kimning beradigan tarbiyasi o`ziga xos va hech kim xatolardan sug`urtalanmagan. Hatolarda aynan birovni ayblash noto`g`ri. Aybdorlik hissi na ota-onaga, na farzandga foyda beradi. Bola ota-onaning aybdorligini sezib qolsa bormi, buni o`z foydasiga burib yuborishi ham hech gap emas. Sodir bo`lgan hodisani orqaga qaytarib bo`lmaydi, shunday ekan, afsuslanishning keragi yo`q. Balki ota-ona biroz yoshlik qilgandir, hozir esa yoshlik xatolarini bemalol to`g`irlasa bo`ladi. Diqqatni ham shunga qaratish kerak.
Mutaxassislarning aytishicha, zamonaviy ota-onalar ko`p hollarda eng so`nggi chorani qo`llashga o`rganib qolgan. Kimdir bolasini o`ta intizomli qilishni istaydi va mashq o`rgatuvchi rolini o`ynaydi. Aslida esa farzandni avvalo tushunib olish, yo`naltirish va rivojlanishi uchun faol yordam berish kerak.
Yana bir toifa ota-onalar bolalikdan qat'iy cheklovlar bosimi ostida ulg`aygan. Ular bolalariga to`liq erkinlik beraman deb, hech qanday cheklovlar qo`ymaydi va natijada farzandlarini injiq, quloqsiz va asabiy qilib qo`yadi. Ularga muammo aslida bolada emasligini anglab etish, berayotgan tarbiyasi nuqsonlardan iborat ekanligini tushunish qiyin. Uning ustiga har bir bolaning o`ziga xos xislatlarini ham inobatga olish zarur.
Keyin ota-ona bilan farzandning xulq-atvorlari ham bir-biriga mos bo`lmasligi mumkin. Masalan, faol onalarning bolasi biroz xayolparast yoki aksincha, og`ir-bosiq insonlarning kichkintoylari to`polonchi bo`ladi.
Bola bilan til topishishni o`rganing
Bu yo`lda eng yaxshi usul, bu bola bilan birgalikda har ikki tomonga ham ma'qul kelgan yumushni bajarish. Ish bahonasida unga kamchiliklari, xatolarini do`stona ohangda tushuntirsa bo`ladi. Afsuski ota-onalarning o`zlari bolalikda kerakli tarbiyani ololmagani sababli farzandiga ochiqlik bilan munosabatda bo`lishga qiynaladi. Ammo farzandining taqdiriga befarq bo`lmagan kattalar o`zlarida bu xavotir va qo`rquvlarini enga olishlari kerak. Faqat unutmaslik lozimki, hammasi silliq ketmasligi ham mumkin. Bola o`zining yoshiga mos ravishda o`zgarishlarga qarshi turishga harakat qiladi. Bunday vaziyatda kattalar vazminlik bilan ijobiy natija sari intilsalar adashishmaydi.
Bolaota-ona uchun ko`zgu
Ba'zida bolaning muammolari — bu oila muammolarining aksi bo`ladi. Zero, oilani bir tizim deb olsak, undagi o`zgarishlardan birinchi navbatda eng zaif a'zolar, ya'ni farzandlar aziyat chekadi. Garchi ota-onalar farzandimning oldida urishmayapmanku, degan xayolga borsalarda, aslida bola juda sezgir. Munosabatlarning tarangligi ham unga ta'sir ko`rsatadi. Shunday ekan, farzandga qarab uning uyidagi ahvol, vaziyat haqida bemalol tahmin qilish mumkin.
Eng muhimi, ota-onalarning o`z xatolarini tan olishidir. Ushbu birinchi bosqichdan o`tgan va o`zgarishni istagan har qanday inson farzandiga ham to`g`ri tarbiyani bera oladi.