Insoniyat yaralibdiki, ona munis zot sifatida e’zozlanadi. Hurmat bilan munosabatda bo‘lishga da’vat etiladi. Onani qadrsizlashga bee’tibor hech bir millat yo‘q... Ayniqsa, hazrat Alisher Navoiyning:
“Onalar oyog‘i ostidadur Ravzayi jannat bog‘i.
Ravza bog‘ing istasang, Bo‘l onaning oyog‘ing tuprog‘i” bayti bu zotning qanchalar buyukligini yaqqol namoyon qilgan. Ammo, so‘nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan ba’zi xabarlar kishini yoqa ushlashga majbur qiladi. “Shu ham onami?” deb yuborasiz...
Ayiqqa otilgan qizaloq, chiqindixonadagi go‘dak...
Internet olamida Toshkent shahridagi hayvonot bog‘ida ayol o‘zining 3 yoshli qizinini ayiq qafasiga tashlab yuborgani, Urganchdagi chiqindixonadan yangi tug‘ilgan chaqaloq murdasi topilgani haqidagi xabarlar “sovimay turib” shu kabi ayanchli holat yana kuzatildi. 8 fevral kuni yaqinda tug‘ilgan chaqaloq ko‘chaga tashlab ketilgan. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, shu kuni soat 02:00 atrofida Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘g‘il farzandini o‘zi ishlayotgan uyning oldiga tashlab ketgan. Chaqaloq Respublika prenatal markaziga olib kelingan va uning hayoti saqlab qolingan.
Bunday holatlar sodir bo‘layotganining qanday sabablari bor?! Achinarlisi, ba’zida go‘daklar o‘limiga umriga dunyoga keltirgan onasi sabab bo‘layotgani achinarli, millat yuzidagi “dog‘”...
Statistika nima deydi?
2020 yilda O‘zbekistonda 5 yoshgacha o‘lgan bolalar soni jami 9 ming 816 nafarni tashkil qilgan. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich, Andijon viloyatida 1 ming 212 nafar, Namangan viloyatida 1 ming 16 nafar va Qashqadaryo viloyatida 980 nafar o‘lim holati qayd etilgan. O‘smirlik davrida ona bo‘lish esa respublika bo‘yicha 959 nafardan iborat. To‘g‘ri, bu raqamlar ortidagi fojealarning barchasiga ona sababchi emas. Ammo...
2017-2020 yillar davomida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jami 185 ta jinoyat aniqlangan. Ularning 184 nafarini bevosita ONASI sotishga uringan. O‘z chaqalog‘ini sotgan jami 185 nafar ayolning 57 nafari og‘ir ijtimoiy ahvolda ekanligi, 32 nafari homilani yashirish maqsadida, 96 nafari moddiy manfaat topish maqsadida sodir etgan. So‘nggi uch yilda chaqaloq savdosidan 114 nafar chaqaloq va bola jabrlangan, ularning asosiy qismi 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
O‘zbek millati va temirchi oila...
Tarixdan hamisha xulosa chiqarish lozim. Xatolardan ham, faxrlanishga arzigulik sabablardan ham. Chunki tarix – eng yaxshi ustoz. Ikkinchi jahon urushi davrida oddiy temirchi oilasining ko‘rsatgan jasorati butun dunyoga o‘zbek millatining qanchalik bag‘rikeng va bolaparvarligini ko‘rsatib qo‘ygan. Ha, aynan o‘sha, sizga tanish Shomahmudovlar...
Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri Akramova qarovsiz va yetim qolgan 16 nafar bolani asrab olgandi. Eng qizig‘i, o‘sha vaqtda Shomahmudovning oilasi haqidagi xabar frontgacha yetib borgan. Buni eshitgan katta leytenant Leviskiy Shoahmad otaga pul yuboradi. Shoahmad ota pullarni olishni istamaydi. Chunki bolalarni o‘zining farzandidek qabul qilgan. Oilasini boqish uchun kimdandir pul olishni oriyat deb hisoblaydi. Ammo, Leviskiyning yaxshi niyatdaligi va farzandlari urush sabab halok bo‘lganini bilgach, yana bir ukrain bola Sanya Brininni o‘z bag‘riga oladi.
Urush yillarida o‘zbek oilalari jami 4,5 ming nafardan ziyod yetim bolalarni asrab olishgan. Odamni chuqur o‘yga toldiradigan savol: Yegani non ham doim topilavermagan bir zamonda “bolaning begonasi bo‘lmaydi” deya quchog‘iga olgan millat onalarining davomchilari bugun nima uchun mana shunday ahvolga keldi?!
Ulug‘bek Hamdam “Ota”ni nega bunday ta’rifladi?!
Ehtimol yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning “Ota” romanini o‘qigandirsiz. Balki yo‘q. Ammo yozuvchi bir inson qismati orqali jamiyatda otaning roli qanday ekanligini, uning ahamiyati nafaqat oilasi, mana shu millatga daxldor ekanligini ochib bergan.
Asar qahramoni Po‘lat g‘ururli, el ichida o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborli odam. Uning uyiga o‘t ketadiyu, yolg‘iz qizi olov ichida qoladi. Yuzi o‘tda kuygan qizini ko‘rganda, o‘zi o‘t o‘chiruvchi bo‘lsa ham farzandini qutqarib qololmaganidan butun umr vijdoni qiynaladi. Ehtimol shu sabab hamisha qizining ko‘ngliga qaraydi. Asrab-avaylaydi, bir otaning qo‘lidan nimaiki kelsa, shuni qiladi. Taqdirning chigalliklari kutilmagan voqeani yuzaga keltiradi. Qizi benikoh farzand ko‘radi. Bexabar ota odamlar davrasida bu gapni eshitadi. Xizmat safariga ketdi, deb yurgan qizining oldiga – kasalxonaga boradi. Otasini ko‘rib, shoshib qolgan qizining ko‘ksiga qo‘ynidagi pichog‘ini sanchadi...
Bir qarashda, otaning kechirib bo‘lmas qaroridek tuyiladi bu. Haqsiz, xatoni otaning o‘z qiziga bunday shafqatsizligi orqali to‘g‘irlab bo‘lmaydi. Ammo muallif Po‘latning tilidan “Agar bugun men bu ishga ko‘z yumsam, ertaga millatning boshqa qizlari ham shu xatoni qilishdan hayiqmasliklari mumkin” degan ma’no orqali o‘z fikrini ifodalagan. Yanglish yo‘lga qadam qo‘yishgacha bo‘lgan vaqt, oilada ota tarbiyasining ahamiyati va bu borada tarozi posangisini muvozanatda ushlash lozimligini anglash qiyin emas.
Farzand – jon qadar...
To‘g‘risini aytaman, bolalar, ayniqsa, go‘daklarga bo‘lgan shafqatsizlik haqida eshitsam ancha vaqt o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman. Bunga balki oilamiz bilan bog‘liq vaziyatlar ham sababchidir...
Onam yolg‘iz o‘zi biz, olti farzandni katta qildi. Biror marotaba qiynalganidan noligan vaqti bo‘lmagan. O‘zi yemasa ham og‘zimizga tutgan. Endi ulg‘ayib, og‘irini yengil qiladigan, ortimizdan yaxshi kunlarni ko‘radi, degan vaqtda omonatini topshirdi. Qiyinchilikda o‘tgan umri, farzandlarini deb. O‘zi uchun yashagan kunini eslolmayman...
Yaqinda opamning yolg‘iz qizi ehtiyotsizlik sabab bu olamdan erta ketdi. Opam o‘ta og‘ir ahvolda qoldi. Odamlardan uzildi. Yegan luqmasi tomog‘idan o‘tmay ham qolgandi. Opam ham ko‘pga bormay, farzand dog‘ida omonatini topshirdi...
Akam oila qurganiga bir necha yil bo‘lgan, ammo, tirnoqqa zor... Shu vaqtgacha bir o‘ynab-kulganini bilmayman. Dardi ichida...
Kimdir o‘z bolasiga istabmi-istamaymi yomonlikni ravo ko‘rsa, mana shu achchiq yaralar tirnalgandek bo‘laveradi. Shunday vaqtlarda “sen ham onamisan?!” degan fikr bo‘g‘zimga tiqiladi...
Ro'ziqul Ochilov