x

Bolasining oldida sigareta burqsitib, o`zicha hordiq chiqarayotgan ota o`z farzandining tarbiyasini buzayotgan bo`ladi. Oila a'zolarining sog`lig`iga putur etadi. Oila boshlig`i esa turli tashvishlarni bahona qilib, o`ziga kuchi etmayotganini niqoblab ko`rsatadi. Takdir ato etgan vakolatlarini ana shunday suiiste'mol etishdan o`zini tiymaydi. O`ziga kuchi etmasa ham, axir uydagilarga, oilasiga kuchi etadi-da. Kerak bo`lsa, ba'zi otalar bolasining qo`liga pul tutqazib «bor, sigareta olib kel» yoki «nosvoy olib kel» deyishdan toymaydilar. Savdosi yurishayotganidan yoki qo`shnichilik deb, bir mahallada yashaydigan qo`shnisining yuzidan o`tolmagan do`konchi imi-jimida bolaning qo`liga sigareta pachkasini uzatazadi. Yoki tsellofan xaltachaga to`ldirilgan, xaltachasini ushlashdan odam hazar qiladigan nosvoyni beg`ubor bolaning qo`liga beradi. Shunday paytda balki sotuvchi: "Menga nima, o`z otasi shuni ravo ko`rib turgan bo`lsa", deb o`ylashi ham mumkin. To`g`ri, bunday mahsulotlarni voyaga etmagan bolalarga sotish mumkin emasligini ular bilishadi, albatta. Ammo qonun-qoidalarga rioya qilishga kelganda biznes yoki qo`shnini xafa kilmaslik fikriga amal qilishni ko`pincha ma'kul ko`radilar.

Ayrimlar buni bolaga buyuriladigan kundalik yumushday tushunishadi, «nima qilibdi?» deyishdan nariga o`tishmaydi. Kechqurun sigareta yoki nos uchun qizcha ko`chaga chiqqan bo`lsa, ana shu lahzalardagi qo`rquv uning ruxiyatida iz koldiradi. Bu qaltis xato haqida «Nima qilibdi?» deb bo`ladimi? Erkak kishining sigareta yoki nos chekishi o`zi bir xato bo`lsa, bolani sigareta yoki nos olib kelishga majburlashi, buning ustiga qorong`uda uni xavf-xatarga qo`yib, o`zi uyda qolishi yana bir kechirib bo`lmas xatodir. Bunday xatoga yo`l qo`yishga xech bir ota haqli emas, chunki otaga farzand ne'mati bunday yumush buyurishi uchun ato etilmagan. Erkak kishi ayni shu mas'uliyatni ham chuqur anglab etishi shart. Aks xolda keyin kech bo`lishi ehtimoldan xoli emas.

 

 

To Top ↑
To Top ↑