Yoshligimizda televizorni umrida birinchi marta ko`rayotganiga qaramay, bobo-momolarimiz hadeb televizor ko`rsang, miyang suyulib ketadi, deb tanbeh berishardi. Ajablanarlisi, Yaponiyadagi Toxoku universiteti olimlari tadqiqotida bu fikr o`z tasdig`ini topgandek bo`ldi.
Jumladan, ular 5 yoshdan 8 yoshgacha bo`lgan 276 bolaning peshona tuzilishini o`rganib chiqib, televizorga o`ta ruju qo`yganlar manglay tuzilishida katta o`zgarishlar yuz berishini aniqladilar.
Tajribada ishtirok etgan bolalar har gal tanaffussiz ikki soatdan kuniga 4 soat televizor tomosha qilishgan. Shundan keyin bola miyasidagi o`zgarishlar MRT(magnit rezonans tomografiya) yordamida tekshirib borilgan. Mazkur jarayonda televizor qarshisida ko`p o`tirgan bola miya old qobig`ida ko`kimtir modda to`planishi kuzatilgan. Holbuki, miyaning me'yoriy rivojlanish sharoitida qobiqda ko`kimtir modda kamayib borishi lozim. Miya old qobig`ida ko`kimtir moddaning ko`payib borishi esa bola intellektiga, ya'ni atrofdagilar gapini tahlil etish, so`zlar ma'nosini anglash va ularni eslab qolish qobiliyatiga salbiy ta'sir ko`rsatar ekan.
Avvallari televideniyening bola miyasiga bevosita ta'siri borasida bunday tadqiqot olib borilmagan. Albatta, mazkur tajriba natijalari ko`p vaqtini televizor qarshisida o`tkazadigan bolalarning ota-onasini jiddiy tashvishga solmoqda. Gap bu erda faqat televideniye haqida ketmoqda. Hozircha bolalarning komp'yuter oldida uzoq o`tirishi, ya'ni unga «bog`lanib» qolishi ertangi kunda qanday asoratlarga olib kelishi ilmiy jihatdan tadqiq etilmagan