x

Bugun avtobusga chiqib yo‘lovchilarni kuzatar ekanman, bundan qariyb ikki yil avval sodir bo‘lgan voqea yodimga tushdi. 

May oylari edi. Ish vaqtim tugagach, uyga qaytadigan avtobusimni kuta boshladim. Bekatga to‘xtagan avtobusning eshiklari ochildi. Shu avtobus yo‘nalishida ketadiganlar bir-birimizga turtinib, chiqib oldik. Manziliga yetib kelganlar esa birma-bir tusha boshladi. Oxirida bir onaxon avtobus eshigini ushlagan holda tushayotganlarida haydovchi eshikni yopib yubordi. (Ataylab qilmagani aniq, lekin nega bunday qilganiga ham tushunmadim. Chunki keyin ham kamida uch daqiqa bekatda turdik).

Xullas, eshik onaxonning qo‘lini qisib qoldi. Odamlar baqir-chaqir qilishdi. Eshik ochildi. Onaxon miq etmadi, tushib yo‘lida davom etdi. Mening diqqatimni tortgan birinchi holat shu. Eshikka qo‘ling qisilib qolsa-yu, na bunga sababchi odamga bir og‘iz gapirmasang, na "voy" deb qo‘ymasang! Men shu ayolda ayrim erkaklarda yo‘q bo‘lgan g‘ururni ko‘rdim.

Ikkinchi holat esa voqeaning davomida kuzatildi. Haydovchining "qilmishi"dan g‘azablangan yo‘lovchilar uni malomat qilib ketishdi. "Qayoqqa shoshyapsan?", "Qarasang, o‘lasanmi?", "Ko‘zing bormi?" kabi javobsiz savollar yog‘dirildi. Bir tomondan qaralsa, ular to‘g‘ri ish qilgandek. Lekin biror kishi, shu jumladan o‘zim ham onaxonning ortidan borib hol so‘rashga yaramadik.

Agar shu ayolning o‘rnida o‘z onamiz bo‘lganida nima qilardik? Haydovchiniyam "enasini ko‘rsatib", borib onamizning qo‘llarini uqalab, o‘pardik. Nega kimningdir onasi bo‘lgan bu ayoldan hech bo‘lmasa "yaxshimisiz?" deb so‘rab qo‘ymadik? Kim bo‘lishidan qat’i nazar u avvalo ONA-ku! Onaning esa begonasi bo‘lmaydi!

Aslida butun hayotimiz shu voqeaga o‘xshab ketar ekan. Ko‘pincha aybdorni izlash, uni ayblash, aybini bo‘yniga qo‘yish bilan bandmiz va buni qoyillatamiz. Lekin o‘sha aybdor sabab jabr ko‘rganlardan ko‘ngil so‘rashga yaramaymiz. Adolatni ta’minlash uchun jazolash ham kerak, lekin bu degani jabrdiydalarga e’tiborsiz bo‘lish kerak, degani emas-ku!

Sherali Soliyev

To Top ↑
To Top ↑