x

BBC xabarlariga ko`ra, Indoneziya sudi jamoaviy da'voga ruxsat berganidan keyin yo`tal siropidan bolalari nobud bo`lgan yoki yaralangan ota-onalar sudga da'vo qildi.

Qayd etilishicha, 2022 yildan beri 200 dan ortiq indoneziyalik bola o`tkir buyrak shikastlanishi tufayli vafot etgan. Bunga esa ular qabul qilgan yo`tal siropi sabab bo`lgan. Qurbon bo`lganlarning qarindoshlari Indoneziya hukumati va sakkizta farmatsevtika kompaniyasiga qarshi ish qo`zg`atgan.

Ta'kidlash joizki, Indoneziya yo`tal siropi ortidan bolalar halok bo`lgan yagona davlat emas. Gambiya va O`zbekistonda ham 100 ga yaqin shu kabi holatlar qayd etilgan.

Manbaga ko`ra, Indoneziyada tergov davom etmoqda, biroq mahalliy ma'murlar hozircha boshqa mamlakatlardagi ishlar bilan bog`liqlikni ko`rsatadigan hech qanday dalil yo`qligini aytgan.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti esa Hindiston va Indoneziyada ishlab chiqarilgan oltita yo`tal siropi haqida ogohlantirgan.

Sudga murojaat qilgan 25 nafar bolaning ota-onalari da'voda vafot etgan har bir bola uchun 195 ming dollar va jarohatlangan har bir bola uchun taxminan 130 ming dollar tovon puli to`lanishini so`ramoqda. Ularning advokati esa boshqa ota-onalar ham da'voga qo`shilishi mumkin ekanini bildirgan.

“Hech qanday tovon puli sodir bo`lgan narsaning o`rnini bosa olmaydi. Bu bolamni qaytarmaydi. Lekin farzandimning kurashi besamar ketmasligi, uni o`ldirganlar javob berishi kerak”,- deydi 4 yashar qizchasini yo`qotgan Nur Osiyo.

Farmatsevtika kompaniyalaridan birining advokati esa mas'uliyat faqat farmatsevtika sanoatiga yuklansa, o`rinli bo`lmasligi, hukumat ham javobgarlikka tortilishi kerakligini aytgan. Boshqa bir farmatsevtika korxonasi esa o`zining yo`tal siropi brendi uchun taxminan 30 yildan beri Indoneziya oziq-ovqat va farmatsevtika idorasining sertifikatiga ega ekani, ingrediyentlarni idora tomonidan tasdiqlangan etkazib beruvchidan sotib olganini ma'lum qilgan.

“To`g`risini aytsam, farmatsevtika kompaniyalari ham xom ashyo etkazib beruvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyat qurboni bo`lmoqda”, deydi kompaniya advokati.

Indoneziya hukumati farmatsevtika darajasidagi erituvchilarning global tanqisligi sharoitida mahalliy kimyo kompaniyalari siropda sanoat darajasidagi erituvchi moddalar – etilen glikol' va dietilen glikoldan foydalanganini aniqlagan. Mazkur ikki modda odatda konditsionerlar va muzlatgichlar uchun antifriz eritmalarida ishlatiladi.

Ta'kidlab o`tish joizki, shunday yo`tal dorilardan biri bo`lgan “Dok-1 Maks” siropini O`zbekistonga olib kirgan “QURAMAX MEDICAL” MChJning litsenziyasi ham 13 yanvar' kuni bekor qilingan edi.

“Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropining nojo`ya ta'siri sababli “o`tkir buyrak etishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti bo`yicha qo`zg`atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdorlar, xususan, Farmatsevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo`lgan uning bir nechta jinoiy sheriklari ish bo`yicha gumon qilinib ushlangan va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

“Quramax Medikal” MChJ advokati Erkin Najmiddinovning sudga ma'lum qilishicha, bugungi kunda “Dok-1 Maks” iste'molidan bolalarning o`limi sabab 30 dan oshiq shaxs ayblanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Ular orasida “Quramax Medikal” MChJning sobiq rahbari Singh Ragvendra Pratar, Farmatsevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mas'ul shaxslari bor.

To Top ↑
To Top ↑